close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Toshkentda XI xalqaro zamonaviy san’at biennalesi ochildi

2026-yil 12-oktabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Voqealar gorizonti» mavzusi ostida o‘tkazilayotgan biennale O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardan kelgan ijodkorlarni bir maydonda birlashtirib, zamonaviy san’at, madaniy tajriba va ijodiy qarashlar o‘rtasidagi xalqaro muloqotga yo‘l ochmoqda.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqib, mehmonlar va ishtirokchilarni biennalening ochilishi bilan tabrikladi. O‘z nutqida u mazkur san’at anjumanining mamlakatimiz madaniy hayotidagi o‘rni, zamonaviy san’atni rivojlantirish hamda O‘zbekiston tasviriy san’atini xalqaro miqyosda targ‘ib etishdagi ahamiyatini ta’kidladi.

Milliy ruhdagi badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va tantanali lahzalar bilan davom etgan marosimda mehmonlar hamda san’at ixlosmandlari jam bo‘ldi. Ramziy lentaning qirqilishi bilan biennalening asosiy dasturiga rasman start berildi.
Ochilish marosimi nafaqat xalqaro san’at anjumanining boshlanishini, balki turli mamlakatlar ijodkorlari, madaniyatlar va badiiy tafakkur o‘rtasidagi yangi uchrashuvni ham ifodaladi.

12–16-oktabr kunlari davom etadigan XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi tomoshabinlarni zamonaviy dunyodagi o‘zgarishlar, inson va jamiyat, xotira va kelajak haqidagi mushohadalarga chorlaydi.

«Voqealar gorizonti»: zamonaviy san’at va kelajak haqidagi mushohadalar

XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida «Voqealar gorizonti» nomli asosiy ekspozitsiya tomoshabinlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Bu yilgi biennale zamonaviy dunyoda kechayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni san’at nigohi orqali anglashga chorlaydi. O‘tmish va algoritmik kelajak, insoniy tajriba va sun’iy intellekt, reallik va simulyatsiya o‘rtasidagi murakkab munosabatlar ekspozitsiyaning konseptual asosini tashkil etadi.

Asosiy ko‘rgazmada O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardan jami 140 nafar rassom — 70 nafar o‘zbekistonlik va 70 nafar xalqaro ishtirokchining ijodiy ishlari namoyish etilmoqda. O‘zbekiston bilan birga 34 mamlakat vakillarini birlashtirgan ushbu xalqaro tarkib turli madaniyatlar va badiiy qarashlarning o‘zaro muloqotini namoyon etadi.

Ekspozitsiyadan rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, videoart va installyatsiyalar o‘rin olgan. Har bir asar o‘zining badiiy tili va mualliflik yondashuvi orqali tomoshabinni bugungi voqelikni yangicha idrok etishga undaydi.

Asarlarda shaxsiy va jamoaviy xotira, madaniy meros, shahar muhiti, texnologik o‘zgarishlar hamda insonning tez o‘zgarayotgan dunyodagi o‘rni kabi mavzular o‘z ifodasini topadi. Bu yerda san’at nafaqat voqelikni aks ettirish, balki savollar qo‘yish, mavjud qarashlarni qayta ko‘rib chiqish va kelajak haqida fikr yuritish maydoni sifatida namoyon bo‘ladi.

Tarixiy xotira, me’moriy meros va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashgan Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan biennale an’analar bilan yangilik, mahalliy tajriba bilan global jarayonlar o‘rtasidagi aloqalarni ham ochib beradi.