close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

2026-yil 24-avgust kuni Zafar shahridagi Madaniyat uyida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi Bekobod — yangi manzillar” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli fotomuxbir va fotograf Sultonboy Dehqonovning ijodiy ishlaridan tashkil topgan.

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajakni yarataylik” shiori ostida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada muallifning 40 dan ortiq fotosuratlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov, ijodkorlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berganlar Mustaqillik yillarida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida yuz bergan ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari va yangilanishlar san’at va ijodkorlar nigohida ham o‘zining yorqin ifodasini topayotganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o‘z so‘zida bugungi kunda tasviriy san’at va fotografiya nafaqat voqelikni aks ettirish, balki zamon ruhini, inson va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarni tarix uchun muhrlab qoldirishda muhim vosita ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Sultonboy Dehqonovning mazkur ko‘rgazmada jamlangan ijodiy ishlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muayyan manzaralarini fotografiya tili orqali ifodalashi bilan ahamiyatlidir.

Bugun biz nafaqat fotosuratlarni tomosha qilyapmiz, balki o‘zgarayotgan yurtimizning bugungi qiyofasi, bunyodkor xalqimizning mehnati va yangi hayotga intilishlarini ko‘ryapmiz. Fotografning vazifasi ana shu lahzalarni o‘z vaqtida ilg‘ab, ularni badiiy obrazga aylantirish va kelajak avlod uchun saqlab qolishdir. Sultonboy Dehqonovning ijodida ham ana shunday yondashuvni ko‘rish mumkin, — dedi Akmal Nur.

Bekobod tumani hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov esa ko‘rgazmaning aynan Bekobodning bugungi qiyofasi va kelajak sari intilishini aks ettirishga qaratilgani alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda Bekobod hududida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangi mahallalar, zamonaviy infratuzilma obyektlari va obodonlashtirish jarayonlari hududning qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Bunday jarayonlarning san’at asarlari, xususan, fotografiya orqali aks ettirilishi esa bugungi kun tarixini yaratishning o‘ziga xos ko‘rinishidir.

Bekobod bugun katta o‘zgarishlar va yangilanishlar davrini boshdan kechirmoqda. “Yangi Bekobod — yangi manzillar” ko‘rgazmasi ana shu yangilanishlarni ijodkor nigohi bilan ko‘rsatib berayotgani bilan qadrli. Bu suratlarda hududimizning bugungi qiyofasi, bunyodkorlik ruhi va insonlarimizning mehnati mujassam. Ishonamizki, ushbu ko‘rgazma yoshlarimizda ona Vatanga, o‘z yurtiga va tug‘ilib-o‘sgan maskaniga bo‘lgan mehr va faxr tuyg‘ularini yanada kuchaytiradi, — dedi Zaynilobiddin Nizomiddinov.

Ko‘rgazmaning asosiy mavzusi — Yangi Bekobodning yangilanayotgan qiyofasi. Unda qisqa muddatlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy inshootlar, yangi mahallalar va qishloqlarning ko‘rki, shuningdek, mehnat qilayotgan zamondoshlar obrazi fotografik lavhalar orqali aks ettirilgan.

Sultonboy Dehqonovning “Yangi Bekobod”, “Ko‘prik”, “Yurtim faxri”, “Vatan uchun...” kabi asarlarida Vatan taraqqiyoti, bunyodkorlik va inson mehnati mavzulari o‘ziga xos badiiy talqinda namoyon bo‘ladi. Fotosuratlarning rang-barangligi, kompozitsion yechimi va hayotiyligi tomoshabinda iliq taassurot uyg‘otadi.

Ko‘rgazma Yangi Bekobodning bugungi qiyofasini ko‘rish, uning ertangi manzillarini tasavvur qilish va ona yurtimiz taraqqiyotidan faxr tuyg‘usini his etish imkonini beradi.