close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 15-aprel kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Anjumanlar zalida Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlari uchun 2024-yilda chop etilgan zamonaviy o‘quv adabiyotlar taqdimoti tashkil etildi.

 Tadbir ko‘tarinki ruh, ijodiy muhit va professional muloqotlarga boy tarzda o‘tdi. Unda o‘quv qo‘llanmalarni yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan mualliflar, taqrizchilar, nashriyot xodimlari, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Shuningdek, Zoom platformasi orqali viloyatlardagi ta’lim muassasalari vakillari ham jarayonga ulanib, tadbir qamrovi yanada kengaydi.

 Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-apreldagi qarori (PQ-4688) ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. Unda badiiy ta’lim yo‘nalishidagi milliy uslublar, ishlash texnikasi va metodikani saqlash va rivojlantirish asosiy vazifa sifatida belgilandi. Shu asosda o‘quv dasturlar mazmuni to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, davlat ta’lim talablari asosida takomillashtirildi hamda yetuk soha mutaxassislari jalb etilgan holda yangi o‘quv adabiyotlar yaratildi.

Alohida ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus 2022-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar jami 40 nomdagi o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi. Bu esa badiiy ta’lim sohasida tizimli va izchil islohotlar olib borilayotganini ko‘rsatadi.

 Yana bir muhim yangilik — 2024-yildan boshlab ilk marotaba 8 nomdagi o‘quv adabiyotlar qoraqalpoq tilida chop etildi. Ushbu nashrlar G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Publishing High Future hamda Art Vernissage nashriyotlari tomonidan amalga oshirildi.

 Taqdimotda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqib, badiiy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr bildirdi. U zamonaviy o‘quv adabiyotlarning yosh avlodni shakllantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.

U o‘z nutqida o‘quv qo‘llanmalar nafaqat nazariy bilim manbai, balki ijodiy fikrlash, milliy san’at an’analariga hurmat va amaliy ko‘nikmalarni shakllantiruvchi metodik asos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, o‘quv adabiyotlar sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish ustuvor vazifa ekanini qayd etdi.

 Tadbir davomida mualliflar va mutaxassislar yangi o‘quv adabiyotlarining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati haqida fikr bildirishdi. Bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusidagi ishlarni yanada takomillashtirish uchun muhim asos bo‘lishi ta’kidlandi.

 Shuningdek, loyihaga hissa qo‘shgan faol xodimlar diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xulosa: yangi avlod o‘quv adabiyotlarining yaratilishi nafaqat ta’lim sifatini oshirishga, balki milliy san’at an’analarini saqlash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa badiiy ta’lim tizimining barqaror rivojlanishi va kelajak imkoniyatlari uchun mustahkam zamin yaratadi.