close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 25-sentabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida 1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan “Harflar ortidagi olam” nomli xattotlik, tazhib va abro' san’ati ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Sa’diya Faxriddinova hamda uning shogirdlari tomonidan yaratilgan xattotlik, tazhib va abro' san’ati yo‘nalishidagi ijodiy ishlar namoyish etildi. Turli uslub va badiiy yechimlarda yaratilgan asarlar yosh ijodkorlarning izlanishlari, mahorati hamda an’anaviy san’atga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Kuldashev ochib berdi. U o‘z nutqida bunday ko‘rgazmalar an’anaviy san’at turlarini asrab-avaylash, ularning bugungi ijodiy jarayondagi o‘rnini mustahkamlash va yosh ijodkorlarning izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, xattotlik san’atiga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotgani, yangi ijodkorlarning izlanishlari esa ushbu san’atning rivojiga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Ko‘rgazmaning nomi ham o‘ziga xos ramziy mazmunga ega. Xattotlikda har bir harf nafaqat yozuv, balki muayyan ma’no, estetik qarash va tarixiy xotirani mujassam etuvchi badiiy vositaga aylanadi. Tazhibning nafis naqshlari va ebro'ning ranglar jilosi esa ushbu badiiy olamni yanada boyitib, an’anaviy san’atning o‘ziga xos estetik qirralarini ochib beradi.

Mazkur ko‘rgazmaning muhim jihatlaridan biri — ustoz-shogird an’anasining bugungi ijodiy muhitdagi davomidir. Yosh bo‘lishiga qaramay, Sa’diya Faxriddinova o‘z bilim va mahoratini turli avlod vakillariga o‘rgatib, o‘z atrofida shogirdlar davrasini shakllantirib kelmoqda. Bu jarayonda ustozlik yosh bilan emas, bilim, mahorat va uni boshqalarga yetkazish mas’uliyati bilan belgilanayotgani ko‘zga tashlanadi.

Tadbir davomida mehmonlar ijodkorlarning asarlari bilan yaqindan tanishish barobarida, xattotlik va ebro' san’ati bo‘yicha tashkil etilgan mahorat darslarida ham ishtirok etdilar. Amaliy mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilar ushbu san’at turlarining o‘ziga xos usul va texnikalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

“Harflar ortidagi olam”da namoyish etilgan asarlar ortida esa oddiy bir ko‘rgazmadan ko‘ra kattaroq jarayon ko‘rinadi: o‘rganish, izlanish, o‘rgatish va davom ettirish. Bugun yosh ijodkorlar qo‘lida sayqal topayotgan har bir harf, naqsh va rang kecha o‘rganilgan bilimning, ustozdan olingan tajribaning davomidir. Ertaga esa bu bilimlar yana boshqa qo‘llarga o‘tadi.

Ana shu davomiylik xattotlik, tazhib va ebro' kabi san’atlarning yashovchanligini ta’minlaydi. “Harflar ortidagi olam” ko‘rgazmasining qadrli jihati ham shunda — u bizga san’at faqat yaratiladigan emas, balki avaylab saqlanadigan va bir avloddan boshqasiga topshiriladigan meros ekanini yana bir bor eslatadi.