11-iyun kuni soat 17:00da O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining katta ko‘rgazmalar zalida kulol Abdurahim G‘ofurovning “LAGANDAGI BO‘YOQLAR RAQSI” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Abdurahim G‘ofurov 1954-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Inson taqdiri turlicha bo‘lgani kabi, ijodkorlarning ham san’atga kirib kelish yo‘llari har xil. 10 yoshligida shamollash oqibatida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan Abdurahim maktab ta’limini ham to‘liq tamomlay olmagan. U uy ta’mirlash uchun kelgan ustaning ishlariga qiziqib, chizishni mustaqil o‘rganadi. Pasport olgach, otasi uni chinni sexiga ishga joylashtiradi. U yerda u bosh rassomga shogird bo‘lib, 15 yil faoliyat yuritadi.
Keyinchalik u Toshkent metropoliteni “Alisher Navoiy” bekati qurilishida ishtirok etib, shiftdagi naqshinkor bezaklar eskizlarini yaratgan.
U o‘z mehnat faoliyatini 1973-yilda M. Rahimov nomidagi Toshkent badiiy keramika tajriba kombinatida rassom sifatida boshlagan. Bu yerda u kulolchilik buyumlari uchun ko‘plab o‘ziga xos bezak eskizlarini yaratdi. Zavoddagi faoliyati bilan birga, u o‘zining betakror kulolchilik asarlarini ham yaratib bordi.
Hozirda uning 50 yildan ortiq ijodiy faoliyati davomida yaratilgan sopol laganlardan iborat uy-muzeyi mavjud bo‘lib, u yerga xorijiy sayyohlar ham tez-tez tashrif buyuradi. Muzeyda turli shakldagi laganlar, xumlar va ko‘zalar namoyish etiladi. Asarlar ko‘pligi sababli ularning bir qismi cherdakda saqlanadi.
Abdurahim G‘ofurov “Tashabbus-2021” ko‘rik tanlovida ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Uning ishlari “Bazar Art” ko‘rgazmalarida muntazam namoyish etib kelinadi.
Ko‘rgazmada uning “Mazayka”, “Dil bayoni – Dast bakor”, “Bodom”, “Ko‘z”, “Toshlar jilosi”, “Fantaziya”, “Qalampir”, “Humo”, “Laganlar jilosi” kabi asarlari taqdim etilgan.
Ekspozitsiyada kulolning 80 ta turli shakldagi laganlari namoyish qilinmoqda.
📌 Ko‘rgazma joriy yilning 21-iyunigacha davom etadi.