Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 9-iyul kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston tarixidagi eng chuqur ekologik fojialardan biri — Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq og‘riqli xotiralar, xalqning sabr-toqati va tiklanish yo‘lidagi harakatlarini aks ettirgan “Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga” nomli fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ko‘rgazma — yo‘qolgan dengiz qirg‘og‘ida qolgan hayot izlari, insoniyat xatosining og‘riqli saboqlari va tiklanishga qaratilgan irodali harakatlarning badiiy hujjatidir.

Ekspozitsiyada arxiv fotosuratlari bilan bir qatorda zamonaviy mualliflik ishlariga ham keng o‘rin berilgan. Ular orqali Mo‘ynoqning tarixiy port shahri bo‘lgan davrlaridan tortib, Orol qurigach yuzaga kelgan ekologik falokat va bugungi tiklanish bosqichlarigacha bo‘lgan murakkab yo‘l ko‘rsatiladi.

Dengiz o‘rnini qum bosgan bu hudud bugun yana hayot sari yuz tutmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan Orolbo‘yini tiklash islohotlari — ekologik, infratuzilmaviy, ijtimoiy va madaniy yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda. 

Ko‘rgazmada "Uzarxiv" agentligi,  Kinofotofonohujjatlar milliy arxivi va O'zbekiston axborot agentligi (UzA)  tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda  O'zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a'zolari bo'lgan mashhur fotograflar — Vladimir Goncharenko, Hamdam Shoraxmedov, Viktor An, Sultonboy Dehqonov va Ravil Alibekovning ishlari ham joy olgan. Ularning san’atkor nigohi tufayli ko‘rgazma oddiy hujjatli jamlanmadan chiqib, Mo‘ynoq taqdirini yurak bilan his qilishga chorlovchi badiiy makonga aylandi. Har bir surat — og‘riq va umid, tarix va kelajak orasidagi ko‘prik bo‘lib, u haqiqatni nafaqat ko‘rsatadi, balki his ettiradi.

Mazkur fotoko‘rgazma tarixga tikilgan xotira emas, balki kelajakka qaratilgan da’vatdir. U Orolbo‘yi fojiasining og‘riqli izlarini yoritarkan, har bir tomoshabinni o‘tmish xatolarini unutmaslikka, bugunning mas’uliyatini his etishga va kelajak uchun ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shishga chorlaydi. Har bir surat — yo‘qolgan dengiz qirg‘og‘idan tortilgan og‘riq, bardosh va umidning suratga aylangan ko‘rinishi. Ushbu ko‘rgazma san’at orqali o‘tmish va kelajak o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, Orol taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir qalbda mas’uliyat va kelajakka bo'lgan ishonch uyg‘otadi.