O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Navoiy viloyatida mazmunli monumental mural va mozaika asarlarini yaratish ishlari boshlandi.
Mazkur loyiha buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy ko‘cha san’ati orqali keng jamoatchilikka yetkazish, shahar muhitini estetik va tarbiyaviy ruhdagi san’at asarlari bilan boyitishni maqsad qilgan.
Ayni paytda yosh Mahobatli rangtasvirchi rassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Javohir Niyozov boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan ilk mural — buyuk qomusiy olim Muhammad al-Xorazmiy siymosi ustida ijodiy ishlar olib borilmoqda.
Ijodiy guruh tomonidan 70 dan ziyod loyihalar taqdim etilgan, loyiha davomida Alisher Navoiy hamda xalqimiz tarixida muhim o‘rin tutgan boshqa buyuk allomalar va ma’naviy-ma’rifiy mavzularga bag‘ishlangan yirik monumental asarlar ham yaratiladi.
Bugungi kunda ko‘cha va shahar devorlari shunchaki bo‘sh makon emas, balki jamiyat bilan muloqot qiluvchi ochiq maydondir. Ana shu makonlarni chuqur g‘oya, milliy qadriyatlar, ilm-fan va ma’rifatni ulug‘lovchi san’at asarlari bilan bezash yoshlar tarbiyasi, milliy o‘zlikni anglash va estetik didni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ko‘cha — xalqniki. Uni mazmunli va yuqori darajadagi san’at bilan bezash esa kelajak avlod uchun qoldiriladigan eng go‘zal ma’naviy merosdir. Bu — ochiq osmon ostidagi galereya!