close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

🖼️ 2026-yil 26-may kuni soat 17:00 da O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining katta ko‘rgazmalar zalida grafik rassomlar Nikolay Pak va Yevgeniy Pakning “MONOGRAFIYA” nomli grafika ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

📈 So‘nggi yillarda O‘zbekiston zamonaviy grafikasi uzoq davom etgan turg‘unlikdan so‘ng yuksalish bosqichini boshdan kechirmoqda. Xususan, dastgohli va bosma grafika yo‘nalishlarida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Bu jarayon yosh rassomlar ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, grafikaga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar sonining ortishi orqali ham namoyon bo‘lmoqda.

🏛️ Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida tashkil etilayotgan ko‘rgazmalar milliy grafikaning qayta tiklanish jarayoniga munosib hissa qo‘shmoqda. Jumladan, “Reflection” (2024) va “O‘zbekiston grafikasi: kecha va bugun” (2026) loyihalari milliy dastgohli va bosma grafikada shakllangan ilg‘or tendensiyalarni aks ettiradi.

🎨 “Monografiya” ko‘rgazmasida so‘nggi 10 yil davomida ota-bola grafik rassomlar — Nikolay va Yevgeniy Pak tomonidan yaratilgan asarlar namoyish etilgan. Rassomlar bosma grafikaning o‘ziga xos turi bo‘lgan monotipiya texnikasi imkoniyatlarini individual yondashuv orqali ochib berishga intilganlar.

🖌️ Ko‘rgazmada tomoshabinlar e’tiboriga 50 ga yaqin grafik asar havola etilgan. Namoyish etilgan ishlarning katta qismi Nikolay Pakning shaxsiy to‘plamidan olingan bo‘lib, ular XX asr oxiri – XXI asr boshlarida O‘zbekistonda faoliyat yuritgan grafik rassomlar ijodi bilan bog‘liq asarlarni o‘z ichiga oladi.

🎭 Ko‘rgazmaning ochilish kuni doirasida “Sacred Duality” nomli eksperimental performans ham tashkil etildi. Unda “Qurultoy Theatre” jamoasi a’zolari Aleksey Venzos, Anar Buddagli, Alen Ismoilov, shuningdek, Arlaeem Goovajdi ishtirok etdi. Tadbirda ambient va elektron musiqa, jonli ovoz hamda o‘ziga xos sahna ijrosi uyg‘unlashib, ko‘rgazma muhitiga alohida badiiy va sirli kayfiyat baxsh etdi.

👨‍🎨 Shuningdek, rassom Yevgeniy Pak tomonidan an’anaviy master-klass tashkil etildi. Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar monotipiya texnikasida asar yaratishning asosiy qonun-qoidalari, ijodiy yondashuv va amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi.

📅 Ko‘rgazma joriy yilning 7-iyuniga qadar davom etadi.