Nurafshon shahrida yosh iste’dodlarni kashf etish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda milliy tasviriy va amaliy san’atimizning munosib davomchilarini tarbiyalashga xizmat qiladigan yangi zamonaviy ta’lim maskani bunyod etilmoqda.
Bugun, 24-sentabr kuni, Toshkent viloyatining ma’muriy markazi — Nurafshon shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi 504 o‘rinli ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati yangi binosining qurilishiga tantanali ravishda start berildi.
Nurafshon shahrining “Nurafshon Business City” hududi, Yangiobod MFY, Yangiobod ko‘chasi, 35-uy manzilida qad rostlaydigan mazkur majmua zamonaviy ta’lim, ijod va ma’rifat maskani sifatida yosh avlod uchun keng imkoniyatlar yaratishi ko‘zda tutilgan.
Tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati va mas’ullari, viloyat hokimligi huzuridagi “Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi vakillari, san’at va madaniyat namoyandalari, loyiha me’morlari, quruvchi-mutaxassislar hamda mahalla nuroniylari ishtirok etdi.
Yangi maskan — yosh iste’dodlar uchun yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni san’atga keng jalb etish va iqtidorli avlodni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Nurafshon shahrida bunyod etilayotgan yangi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Mazkur ta’lim maskanida yoshlarning tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarida chuqur bilim olishi, nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlashi va o‘z ijodiy salohiyatini erkin namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Loyiha doirasida zamonaviy o‘quv xonalari bilan bir qatorda, professional ijodiy ustaxonalar, ko‘rgazma zallari va galereyalar, amaliy mashg‘ulotlar uchun maxsus maydonlar hamda ta’lim jarayoni uchun zarur boshqa infratuzilma obyektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy me’moriy yechimlar asosidagi yaratilayotgan yangi majmuaning umumiy maydoni 16 400 kvadrat metrni tashkil etadi. Shundan 5 876 kvadrat metr qurilish osti maydoniga to‘g‘ri keladi.
Loyiha asosida to‘rt qavatli bino barpo etiladi. Majmua zamonaviy shaharsozlik talablariga mos me’moriy yechimlar hamda ta’lim va ijodiy jarayonlarni samarali tashkil etishga xizmat qiluvchi muhandislik infratuzilmasi bilan jihozlanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 91,85 milliard so‘mni tashkil etadi.
Obyektning bosh loyihachisi — “NURAFSHON MADANIYAT LOYIHA” MCHJ, bosh pudratchisi — “EXPECTED HOMES” MCHJ.
Qurilish ishlarini belgilangan talablar asosida olib borish va obyektni 2027-yil 1-sentabrga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Tadbir davomida yangi san’at maktab-internati binosining tamal toshini qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat rahbariyati va tadbir mehmonlari ishtirokida ramziy poydevor qolipiga ilk beton qorishmasi quyildi. Shu tariqa yangi ta’lim va ijod maskanining bunyodkorlik ishlari rasman boshlandi.
Mazkur marosim Nurafshon shahrining zamonaviy ijtimoiy-madaniy infratuzilmasini yanada boyitadigan, ayniqsa, yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan muhim loyihaning amaliy bosqichga kirganini ifodaladi.
Tadbir davomida qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, loyiha talablariga qat’iy rioya qilish va obyektni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yangi inshoot qurilishining boshlanishi xalqimizning asriy qadriyatlari va ezgu an’analari asosida davom etdi.
Xayrli ishning avvalida qurilishning bexatar, fayzli va barakali bo‘lishini niyat qilib, qurilish maydonida ehson tadbiri tashkil etildi.
Nuroniy otaxonlar va ulamolar ishtirokida Qur’oni Karim tilovat qilinib, yangi maskanning poydevori mustahkam bo‘lishi, bunyodkorlik ishlari xayrli yakun topishi hamda ushbu dargohdan kelgusida yurtimiz nomini dunyoga tanitadigan iste’dodli ijodkorlar yetishib chiqishi niyatida duolar qilindi.
Bu ezgu tilaklar yangi maskanning bosh maqsadi — milliy san’atimizning boy an’analarini davom ettiradigan, zamonaviy bilim va ijodiy tafakkurga ega yosh avlodni tarbiyalash g‘oyasi bilan uyg‘un.
Ayni paytda obyekt hududida qurilishning dastlabki ishlari boshlab yuborilgan.
Qurilish maydonida tuproq sirtini tekislash va gruntni zichlash, kotlovan qazish hamda hududni keyingi qurilish jarayonlariga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur jarayonlarga ekskavatorlar, katoklar, og‘ir yuk tashuvchi maxsus texnikalar jalb etilgan. Bino konstruksiyalarini barpo etish ishlarini jadallashtirish maqsadida hududda ikkita baland minorali kran ham o‘rnatilib, ishchi holatga keltirilgan.
Nurafshon shahrida bunyod etilayotgan ushbu ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati kelgusida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini yuksaltirish hamda milliy tasviriy va amaliy san’atimizning yangi avlod vakillarini tarbiyalash uchun muhim ta’lim maskanlaridan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Bugun uning poydevoriga qo‘yilgan ilk beton — ertangi kun ijodkorlari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarning ramziy boshlanishidir.