close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari va 2026-yildagi ustuvor vazifalari

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, akademik badiiy ta’limning izchilligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etishga vakolatli bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi.
2025 yilda ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soha ga oid qarorlari ijrosini ta’minlash, yurtimiz tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, shaxsiy va ijodiy ko‘rgazmalar uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish, jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari bilan ijodiy hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, Badiiy akademiya va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 1 iyulda qabul qilgan “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 212-son Qarori tasviriy va amaliy san’at sohasini yuksalishiga xizmat qiladigan muhim hujjat bo‘ldi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Badiiy akademiya hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘rtasida tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish yuzasidan YO‘L XARITALARI tasdiqlandi. Unda hududlarda sohani rivojlantirishga oid barcha masalalar (tizimdagi maktablarni, mavjud san’at galereyalarini rekonstruksiya qilish, yangilarini ochish, quyida ham tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, rassom va ijodkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish kabi) qamrab olindi.

Qarorda belgilangan "Yangi O‘zbekiston manzaralari", "Buyuk allomalar" va "Zamon qahramonlari" kabi turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tizimini yo‘lga qo‘yish borasida Nizom ishlab chiqilib, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Yoshlarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida “Yosh ijodkorlar klubi” tashkil etildi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida “Yoshlar ijodi” rukni ostida yosh rassomlar ijodiy faoliyati haqida ko‘rsatuv muntazam yo‘lga qo‘yildi.

Yosh ijodkorlar salohiyatini yuzaga chiqarish, san’atga intilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 14 - 30 yoshgacha ijodkorlar o‘rtasida “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, amaliy san’at yo‘nalishida #art_chellenge onlayn tanlovi o‘tkazildi, g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Qaror asosida 2026–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida:

  • Badiiy ko‘rgazmalar direktoriyasining ko‘rgazmalar zali jahon standartlari asosida rekonstruksiya qilinadi va jihozlanadi;

  • Badiiy ko‘rgazmalar direktoriyasi fondining Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Lutfiy ko‘chasi, 10a-uy manzilida joylashgan binosi rekonstruksiya qilinadi, uning hududida Zamonaviy galereya binosi qurilsin hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Yosh rassomlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

  • Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi hududida qo‘shimcha bino qurilsin va u yerda milliy usulda qog‘oz tayyorlash bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘quv-ishlab chiqarish ustaxona tashkil etiladi;

  • Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi hududida qo‘shimcha 400 o‘rinli o‘quv binosi quriladi;

  • Zamonaviy galereya binosi va uning hududida 15 mingdan ortiq noyob asarlarni saqlash uchun fond, kutubxona, fotolaboratoriya, tasviriy va amaliy san’at, haykaltaroshlik asarlari, suvenirlarni tayyorlash va ta’mirlash ustaxonalar hamda laboratoriya tashkil etiladi;

2025 yil davomida rassom-ijodkorlarning shaxsiy va ijodiy ko‘rgazmalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari va yosh ijodkorlarning ijodini namoyish qilishga va turli mavzularga bag‘ishlangan 439 ta ijodiy ko‘rgazma tashkil etildi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan atoqli san’at arboblari xotirasini abadiylashtirish, ijodiy merosini targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda. 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Igor Savitskiy tavalludining 110 yilligi, O‘zbekiston xalq rassomi Qutlug‘ Basharov tavalludining 100 yilligi, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, akademik Ilhom Jabbоrov tavalludining 80 yilligi keng nishonlandi, sana munosabati bilan Badiiy akademiya tomonidan turli ma’rifiy tadbirlar, ko‘rgazmalar tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra soha rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh rassom-ijodkorlar faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandilar.

O‘tgan yilda yosh iqtidorlarni rag‘batlantirish, ijodini namoyon etish maqsadida “Kamoliddin Behzod izdoshlar”, “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Navqiron O‘zbekiston – 2025” singari an’anaviy ko‘rik-tanlovlari va ko‘rgazmalari ham samarali o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda Badiiy akademiyaning xalqaro aloqalari qamrovi kengayib, tadbirlari soni oshib boryapti.
2025-yil davomida xorijiy davlatlar bilan sohada hamkorlikka oid 7 ta memorandum imzolandi, 18 ta (Xitoy Xalq Respublikasi, Eron, Pokiston, Banglades, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya, Koreya Respublikasi) xalqaro ko‘rgazma, xalqaro plenerlar o‘tkazildi. Shu o‘rinda Badiiy akademiya tomonidan 9 ta xorijiy davlatga xizmat safari uyushtirilib, hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Poytaxtimizda An’anaviy Toshkent xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali, Samarqand shahrida “Samarqand – 2025” IV (To‘rtinchi) xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi tashkil etildi.
“Bizning sayyoramiz – bizning uyimiz” shiori ostida tashkil etilgan mazkur simpoziumda Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ummon, Gruziya, Yaponiya, Turkiyadan 12 nafar hamda yurtimizdan 5 nafar, jami 17 nafar professional haykaltarosh ishtirok etdi.

O‘tgan bir yil ichida Badiiy ta’lim va ilmiy yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Badiiy akademiya tizimidagi Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida “O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirishda Andijon maktabining o‘rni” mavzusida, Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida “Samarqandda badiiy ta’lim va musavvirlik an’analari” mavzusida Respublika seminari o‘tkazildi.

Guliston Davlat universiteti, Andijon Davlat pedagogika instituti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ta’lim olayotgan 7 nafar iqtidorli va ijodkor talabaga Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi tayinlandi.
Tizimdagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab internatlari uchun 19 nomdagi o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi.

2025 yilda Badiiy akademiya faoliyati tarixida ilk bor “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi fidoiyisi” ko‘krak nishoni tasdiqlandi hamda tizimdagi ta’lim muassasalarining 28 nafar xodimi ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ilmiy yo‘nalishda 2025 yilda 18 nafar tadqiqotchilarning himoyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 10 nafar professor-o‘qituvchilar do‘scent hamda professorlarning ilmiy unvonlari tasdiqlandi.
16 ta Respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilindi. 1 ta xalqaro grant hamda 2 ta xorijiy tadqiqotchi qabul qilindi.

2025 yilda Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi)da o‘qish uchun talabgorlarning suhbat jarayonlari o‘tkazildi. Qabul komissiyasi qaroriga ko‘ra 10 nafar Stajyor tadqiqotchilar oliy rassomlik kursiga qabul qilindi.

Xitoy Xalq Respublikasi va Ozarbayjon ta’lim muassasalari bilan imzolangan memorandumga asosan 14 nafar pedagog va mutaxassis kadrlar bu davlatlarda malaka oshirdi.

Badiiy akademiya 2026-yilning birinchi yarimi, aprel-may oylarida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan An’anaviy xalqaro Toshkent tasviriy va amaliy san’at festivali hamda Andijonda tashkil qilinadigan Rassomlar festivaliga tayyorgarlik ko‘rmokda.

Shu bilan birga Badiiy akademiya faoliyatida 2026-yilda xalqaro festival, biennale, an’anaviy va xorijiy ko‘rgazmalar, ijodiy loyihalar, atoqli rassomlar tavallud sanasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, taqdimotlar rejalashtirilgan.