Xitoy Xalq Respublikasi tomoni taklifiga muvofiq, O‘zbekistonning bir guruh madaniyat va san’at namoyandalari ayni kunlarda Shanxay shahrida xizmat safarida bo‘lib turishibdi.
Xizmat safaridan maqsad — madaniyat va san’at sohasida o‘zbek–xitoy hamkorligi hamda gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirishdan iborat.
Tashrif dasturidan madaniyat va san’at muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar, Shanxayning madaniyat va kreativ industriyani rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan tanishish hamda fikr almashishlar o‘rin olgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova ham ishtirok etmoqda. U tashrif doirasida Shanxay vakillari bilan uchrashuvlar va muloqotlar o‘tkazmoqda.
Mazkur hamkorlik nafaqat O‘zbekiston tasviriy san’atini Xitoy va xalqaro maydonda targ‘ib qilish, balki ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasida tajriba almashish hamda kreativ industriyani rivojlantirish uchun ham muhim zamin yaratmoqda.