close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

14-avgust kuni (soat 16:00 da) «Almati» galereyasida O‘zbekistonning zamonaviy tasviriy san’atiga bag‘ishlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi «O‘zbekistonning zamonaviy rassomlari» ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma Olmaota shahri Madaniyat boshqarmasi, «Olmaota shahri muzeylari birlashmasi» davlat kommunal davlat korxonasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Qozog‘iston рassomlar uyushmasi hamda TURKSOY tashkiloti hamkorligida tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazma ikki davlat o‘rtasidagi madaniy muloqotda muhim voqea bo‘ladi. Mustaqillik yillarida ilk bor Qozog‘istonda O‘zbekiston zamonaviy san’atining bunday keng ko‘lamli ekspozitsiyasi namoyish etiladi. Unda mamlakatning turli avlod vakillari, turli badiiy yo‘nalish va hududlardan bo‘lgan rassomlarning ijod namunalari jamlangan.

Ekspozitsiyadan O‘zbekistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Qo‘qon, Andijon, Jizzax, Nukus, Angren, Bekobod singari shahar hamda boshqa hududlaridan 40 nafar ijodkorga tegishli 63 ta san’at asari o‘rin olgan.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston zamonaviy san’atining rang-barangligini aks ettiruvchi turli badiiy yo‘nalish va janrlardagi rangtasvir asarlari namoyish etiladi. Ekspozitsiyada an’anaviy realistik yo‘nalishlardan tortib, zamonaviy badiiy izlanish va tajribalargacha bo‘lgan ijod namunalari o‘rin olgan.

Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi va akademigi Akmal Nuridinov, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi, O‘zBA akademigi Ibrohim Valixo‘jayev, O‘zBA akademigi Asliddin Isayev, O‘zBA akademigi Sarsenbay Baybosinov, O‘zbekiston xalq rassomi Xurshid Ziyaxonov, O‘zbekiston san’at arbobi Muhammaddiyor Toshmurodov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Valeriy Yenin, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari: Abdulmuqaddim Halimov, Dilshod Azizov, Alijon Rahimov, Rushana Alimova, Guli Gromova, Xurshid Ibrohimov, Mirsaid Imomov, Murtazo Irgashev, Nuriddin Isayev, O‘ktam Isirg‘apov, Aziz Karimov, Zuhriddin Qiyomov, Erik Kulmanov, Mirali Mahmudov, Valeriy Povarinas, Marina Pronina, Saidbek Sabirboyev, Sarvar Sulaymonov, Hasanboy Teshabayev, Nastya Tillyayeva, Viktoriya Troshina, Aleksandr Tyurin, Karim Umirov, Ulug‘bek Usmonov, Shokir Usmonov, Tatyana Fadeyeva, Zayniddin Faxruddinov, Xurshid Halilov, Kamoliddin Hazratqulov, Ramiz Xo‘jayev, Tursunkul Shaymardanov, Zebo Sharipova, Sarvar Yo‘ldoshev qatnashmoqda.

Ko‘rgazma Olmaota shahrining madaniy hayotidagi muhim voqealardan biriga aylanib, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni mustahkamlash, professional hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqaro madaniy muloqotni kengaytirishga munosib hissa qo‘shadi.