Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda Badiiy akademiya hamkorligida milliy hunarmandchilik mahsulotlarini zamonaviy turistik sovg‘a sifatida targ‘ib qilish, hududlardagi ijodkorlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda turistlar uchun ixcham, sifatli va hamyonbop esdalik sovg‘alari namunalarini yaratish maqsadida “Uzbek Gift Contest” ko‘rik-tanlovi tashkil etilmoqda.
Ko‘rik-tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich — dizaynerlar o‘rtasida o‘tkazilib, unda ishtirokchilar milliy hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy turistik sovg‘a mahsulotlari uchun eskiz, dizayn va ijodiy g‘oyalarini taqdim etadi. Taqdim etiladigan ishlar amalda hunarmandlar tomonidan tayyorlanishi mumkin bo‘lgan, milliylikni aks ettiruvchi, ixcham va turistlar uchun qulay hamda jozibador bo‘lishi lozim.
Birinchi bosqich 24-iyuldan 16-avgustga qadar o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich — hunarmandlar o‘rtasida tashkil etilib, unda birinchi bosqichda g‘olib deb topilgan eskiz va dizaynlar asosida tayyor hunarmandchilik mahsulotlari yaratiladi. Ushbu bosqichda mahsulot sifati, ishlov berish mahorati, milliyligi, ixchamligi, turistlar uchun olib ketishga qulayligi hamda hamyonbopligi asosiy mezon sifatida baholanadi.
Ikkinchi bosqich 20-avgustdan 20-sentyabrga qadar o‘tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan dizaynerlar, rassomlar, ijodkor yoshlar hamda “Hunarmand” uyushmasi a’zosi bo‘lgan hunarmandlar belgilangan tartibda onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish havolasi: dizaynerlar uchun: https://forms.gle/ac9gqAeHZLKoHaRa8
hunarmandlar uchun: https://forms.gle/MQ6XX6og9jjJVNKp7
Arizalar birinchi bosqich uchun 16-avgustga qadar, ikkinchi bosqich uchun esa 20-sentyabrga qadar qabul qilinadi.
“Uzbek Gift Contest” — milliy hunarmandchilikni yangi bosqichga olib chiqish sari muhim qadam!
G‘olib deb topilgan har bir ishtirokchi 5 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Uzbek Gift Contest” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha NIZOM
Hunarmandchilik mahsulotlari bo‘yicha ko‘rik-tanlov talablari
Yo‘nalishlar bo‘yicha talablar jadvali