close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun,  11-sentabr kuni  Toshkent fotosuratlar uyida rassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Ramiz Xodjayevning “Yovvoyi raqslar” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

 Samarqandlik rassomning Toshkentdagi ilk shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lgan mazkur ekspozitsiyadan uning 20232026-yillarda yaratgan asarlari o‘rin olgan. Ko‘rgazma rassomning so‘nggi yillardagi ijodiy izlanishlarini bir makonda jamlab, uning rangtasvirga bo‘lgan individual munosabatini namoyon etadi.

 Xodjayev asarlarining asosini kundalik hayot kuzatuvlari, shaxsiy xotiralar va insonning ichki kechinmalari tashkil etadi. Eski hovlilar, shahar manzaralari, inson qiyofalari, musiqachilar, hayvonlar va o‘simliklar bilan bir qatorda tush va tasavvur olamiga xos fantastik obrazlar ham rassomning badiiy dunyosidan o‘rin olgan. Real va xayoliy tasvirlarning bir kompozitsiyada uyg‘unlashuvi uning ijodiga o‘ziga xos poetik ruh bag‘ishlaydi.

“Meni hayotning o‘zi ilhomlantiradi: odamlar, voqealar, turmush tarzimiz. Men musiqa tinglayman, she’riyatga qiziqaman, kitob o‘qiyman. Kartinalarimdagi obrazlar, asosan, shaxsiy tajribamdan — bolaligimdan, hayotimdagi voqealardan va ayni paytda his qilayotgan tuyg‘ularimdan keladi”
deydi Ramiz Xodjayev.

 Rassom uchun rang nafaqat tasviriy vosita, balki hissiy holat va ichki kechinmalarni ifodalashning muhim shaklidir. To‘yingan ko‘k va yashil ranglar, zarg‘aldoq ohanglar, dekorativ ritm va shakllarning erkin talqini Xodjayev kartinalarida dinamik va ta’sirchan tasviriy muhit yaratadi.

Uning ijodida Samarqandning badiiy muhiti ham alohida ahamiyatga ega. Shaharning me’moriy qiyofasi, yorug‘ligi, ranglari va kundalik hayoti rassomning tasviriy xotirasida o‘z aksini topgan. Biroq Xodjayev mavjud an’analarni bevosita takrorlamaydi — Samarqand rangtasviriga xos jihatlarni shaxsiy tajribasi va zamonaviy badiiy qarashlari bilan uyg‘unlashtirib, o‘ziga xos uslubda talqin etadi.

“Yovvoyi raqslar” nomi rassomning rang va shakl bilan ishlashdagi erkinligini ifodalaydi. Kartinalarda chiziqlar harakati, ranglar o‘rtasidagi keskin munosabat va shartli makon orqali ichki dinamika yuzaga keladi. Shu tariqa real voqelik xotira, tasavvur va hissiy kechinmalar bilan qorishib, yangi badiiy obrazga aylanadi.

Ko‘rgazma san’at ixlosmandlarini rassomning individual badiiy olami bilan yaqindan tanishishga chorlaydi.