Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 26-iyun kuni Toshkent fotosuratlar uyida 27-iyun — “O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni”ga bag‘ishlangan “O‘zbekiston matbuoti arxiv hujjatlarida” nomli arxiv hujjatlari fotoko‘rgazmasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan 1928-2021-yillarga oid, O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalarining rivojlanishini aks ettiruvchi 150 dan ortiq fotohujjatlar namoyish etildi.
Eksponatlarda OAV haqidagi maʼlumotlar, arxiv hujjatlari, fotomateriallar ilk bor namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmada davriy nashrlarning tahririyatlarining ijodiy uchrashuvlari, bosmaxonalarning faoliyati, intervyu va suhbatlar, respublika markaziy va hududiy, mahalliy gazeta, jurnallar hamda teleradio studiyalarining ish jarayonlari, teledastur va eshittirishlar tayyorlash, materiallar ustida ishlash, tasvirga olish va ovoz yozish jarayonlari, OAV xodimlari uchun tashkil etilgan seminarlar, davra suhbatlari hamda turli mavzularga bag‘ishlangan matbuot anjumanlari aks etgan.
Bundan tashqari, televideniye va radio birinchi suxandonlari, rejissyor va operatorlari, taniqli va xalq suygan boshlovchi va suxandonlari faoliyati yoritilgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjanova o‘z nutqida ko‘rgazmaning axborot va madaniyat sohasidagi o‘rni, shuningdek, Badiiy Akademiya va “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida shakllanib borayotgan ijodiy hamkorlikni alohida ta’kidladi:
“Bugungi ko‘rgazma nafaqat O‘zbekiston matbuotining bosib o‘tgan tarixiy yo‘lini hujjatlar orqali namoyon etmoqda, balki axborot sohasining taraqqiyoti qanday bosqichlardan o‘tganini ham ko‘rsatib turibdi. Har bir surat, har bir hujjat o‘z zamonining kayfiyatini, ruhini, hayot tarzini ifodalaydi. Ular bizni o‘tmish bilan bog‘labgina qolmay, kelajakka yo‘naltiradi. Ayniqsa, bu kabi hujjatlarni badiiy ko‘rgazma shaklida keng jamoatchilikka taqdim etish — ularning san’at va estetik qadriyatlar bilan uyg‘unlashganini anglatadi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi va “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasidagi ushbu hamkorlik ilmiy va madaniy sohalarning birlashuvi, ya’ni arxivlar nafaqat tarixni saqlovchi, balki uni badiiy obrazlar orqali jonlantiruvchi muhim manbaga aylanayotganidan dalolat beradi. Bu hamkorlik orqali yosh avlodga tarixga mehr, matbuotga hurmat va san’atga oshno bo‘lish ruhida ta’lim berilmoqda.”
Mazkur ko‘rgazma yurtimiz axborot sohasining tarixiy taraqqiyoti, OAV xodimlarining fidokorona mehnati hamda hujjatli materiallar orqali milliy xotirani mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Bunday ekspozitsiyalar nafaqat tarixiy ma’lumotni ommaga taqdim etadi, balki uni estetik idrok qilish, badiiy nigoh bilan talqin etish imkonini ham beradi, bu esa zamonaviy axborot jamiyatida madaniy yondashuvning muhim ifodasidir.