2026 yil 17–18 mart kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida “Toshkent – Sietl yarim asrlik birodar shaharlar” mavzusida fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Birodar shaharlar alyansi tashabbusi bilan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Fotoko‘rgazmaning asosiy maqsadi Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasidagi yarim asrlik do‘stona aloqalar, madaniy hamkorlik va o‘zaro hamjihatlik tarixini aks ettiruvchi fotosuratlar orqali ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni keng jamoatchilikka namoyish etishdan iborat bo‘ldi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimi 17 mart kuni soat 10:30 da boshlandi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Birodar shaharlar alyansi, Toshkent shahar hokimligi, do‘stlik jamiyatlari, hamkor tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur fotoko‘rgazma O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalarining yorqin ifodasi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida yillar davomida shakllanib kelayotgan madaniy, ijtimoiy va gumanitar hamkorlikni yana bir bor namoyon etdi. Xususan, Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasidagi birodarlik rishtalari ushbu hamkorlikning muhim qismi hisoblanadi. Yarim asr davomida Toshkent va Sietl o‘rtasida turli sohalarda – madaniyat, ta’lim, jamoatchilik diplomatiyasi va insonlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishlarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Fotoko‘rgazmada namoyish etilgan tarixiy va zamonaviy suratlar aynan shu do‘stlik va hamkorlikning turli bosqichlarini aks ettirib, ikki shahar o‘rtasidagi samimiy munosabatlarning davomiyligini ko‘rsatdi.
Mazkur ko‘rgazma Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, madaniy muloqot va hamkorlik tarixini keng jamoatchilikka yetkazish hamda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.