close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 8-aprel kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida “Amir Temur va temuriylar davriga sayohat” nomli ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Ko‘rgazma muzey fondi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi to‘plami hamda shaxsiy kolleksiyalar asosida shakllantirilib, unda rangtasvir, grafika va miniatyura yo‘nalishida yaratilgan 50 dan ziyod asar namoyish etilmoqda.

Buyuk sarkarda va davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi — Sohibqiron Amir Temur tavalludiga qariyb yetti asr to‘lganiga qaramay, uning shaxsiyati bugungi kunda ham olimlar, yozuvchilar, rejissyorlar va rassomlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.

Amir Temur hayotining yorqin sahifalari o‘rta asrlarning mashhur ijodkorlari — Sharafiddin Ali Yazdiy (“Zafarnoma”) va Abdulla Xotifiy (“Temurnoma”) asarlarida o‘z aksini topgan. Ushbu tarixiy asarlardan faksimil nusxalar ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Ularda Temur, avvalo, o‘ziga xos strateg sarkarda sifatida talqin etilib, uning ulkan saltanat barpo etishdagi salohiyati yoritiladi.

Amir Temur shaxsiyatining ulug‘vorligi va tarixiy ahamiyati zamonaviy rassom Ma’sud Xolov tomonidan yaratilgan “Turon hukmdori” nomli realistik asarda yorqin ifodasini topgan. Asarda hukmdorning qat’iy va diqqatli nigohi, ruhiy qudrati va mustahkam irodasi chuqur badiiy talqin etilgan. Orqa fondagi xarita esa uning g‘alabalari ko‘lami va strategik tafakkurini ramziy ifodalaydi.

Amir Temurning munosib vorisi — Mirzo Ulug‘bek o‘z faoliyatida harbiy yurishlardan ko‘ra ilm-fan, ta’lim va madaniyat rivojiga alohida e’tibor qaratgan. Uning sa’y-harakatlari natijasida Movarounnahr jahon ilmiy markazlaridan biriga aylangan. Sergey Redkinning “Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek” litografiyasida buyuk alloma yulduzli osmonni kuzatayotgan holda tasvirlangan bo‘lib, yonidagi sekstant ilmiy aniqlik va kashfiyotga intilish ramzi sifatida talqin etiladi.

Husayn Boyqaro — so‘nggi temuriy hukmdorlardan biri bo‘lib, uning hukmronligi davrida Hirot shahri yirik madaniy va ilmiy markazga aylangan. U ilm-fan va san’at ahlini qo‘llab-quvvatlab, ijodkorlarni saroy atrofida jamladi. Shu davrda adabiyot, tarix, miniatyura san’ati va ilm-fan jadal taraqqiy etdi, natijada bu davr Temuriylar Renessansi nomi bilan tarixga kirdi. Miniatyurachi rassom Shorasul Shoahmedov tomonidan ishlangan Husayn Boyqaro portreti (Kamoliddin Behzod asaridan nusxa) hukmdor obrazining nafosi va teranligini ifodalaydi. Shuningdek, taniqli rassom Xayriddin Muxiddinov yaratgan asarlar o‘sha davr ruhiyati va badiiy nafosatini yorqin aks ettiradi.

Nilufar Sa’dullayeva miniatyuralarida Zahiriddin Muhammad Bobur obrazi alohida o‘rin tutadi. Uning asarlaridan biri 1526-yildagi Panipat jangiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Boburning Ibrohim Lodiy ustidan qozongan g‘alabasi tasvirlangan. Qora fonda ishlangan miniatyuralar Bobur hayotidagi dramatizm va vatan sog‘inchini yanada kuchaytiradi.

Temur va temuriylar merosi o‘zining mahobatli me’moriy obidalari, ilmiy yutuqlari va boy madaniyati bilan jahon hamjamiyatini hayratga solib kelmoqda. Ularning davri ma’naviy qudrat, ilmga intilish va badiiy taraqqiyot timsoli sifatida tarixda muhrlangan bo‘lib, ular yaratgan qadriyatlar bugungi kunda ham butun insoniyat uchun ilhom va faxr manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.