1941-YIL 22-IYUNDA BOSHLANGAN IKKINCHI JAHON URUSHINING 85 - YILLIGIGA BAG‘ISHLANADI
“XOTIRLASHNI VASIYAT QILGANLAR!” TURKUMIDAN
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi tashabbusi bilan Anvar Mamadjanovning Ikkinchi Jahon urushining boshlanishiga bag‘ishlangan “Urush bolalari” nomli grafik asarlar ko‘rgazmasini tashkil etmoqda.
Ikkinchi Jahon urushi xalqimiz tarixidagi eng og‘ir sinovlardan biri bo‘ldi. 1418 kun davom etgan urush hech kimni ayab o‘tmagan. Ammo urush eng avvalo bolalarga – jamiyatning eng himoyasiz va zaif qatlamiga og‘ir zarba berdi.
Urush minglab bolalarning taqdirini chilparchin qildi, ularni quvonchli va beg‘ubor bolalikdan mahrum etdi. Yuz minglab yosh bolalar konslagerlarda halok bo‘ldi, tibbiy tajribalar qurboniga aylandi, og‘ir mehnat va ochlikdan vafot etdi. Fashistlar Germaniyasining davlat mafkurasi sifatida qabul qilingan natsizm nazariyasi ko‘plab bolalarni faqat kelib chiqishi sababli yashash huquqidan mahrum etdi.
Ikkinchi Jahon urushi yillarida O‘zbekiston SSR 1,5 milliondan ortiq evakuatsiya qilingan aholini qabul qildi, shundan 250 mingdan ziyodini yetim bolalar tashkil etgan. Respublika ular uchun ikkinchi uyga aylandi, boshpana, mehr va front dahshatlari hamda ochlikdan najot berdi.
Urush davri bolalarining taqdiri front ortidan qaytgan rassomlar avlodini befarq qoldirmadi. Keyingi avlod vakillari esa fashizm vahshiyliklariga guvoh bo‘lgan ota-bobolarining hikoyalari orqali urush dahshatlarini anglab yetdilar.
Bu mavzu Anvar Mamadjanov uchun ham shaxsiy ahamiyatga ega. Uning otasi Alimjon aka oddiy askar sifatida butun urushni boshdan kechirgan. Yosh rassom qahramonliklar, jasorat va urush qurbonlari haqidagi hikoyalar muhitida ulg‘aydi.
Mehribon va hamdard inson sifatida Anvar Mamadjanov o‘z ijodida urush mavzusiga bir necha bor murojaat qilgan. U katta avlodning alamli xotiralarini shaxsiy kechinmalari va oilaviy tarixlari orqali talqin etadi. Rassomning O‘zbekiston xalqining front va front ortidagi mashaqqatli yillariga bag‘ishlangan “101 o‘zbek” hamda “...Biz shunday qila olarmidik?” nomli grafik turkumlari keng e’tirof etilgan.
Anvar Mamadjanovning “Urush bolalari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasida rassomning boshqa asarlari bilan bir qatorda ilk bor “Bolalikda qolib ketganlar” nomli yangi turkum ham namoyish etilmoqda.
Muallif bir necha yil davomida arxiv materiallarini o‘rganib, halok bo‘lgan, asirlik va lagerlarni boshdan kechirgan, ochlik va yaqinlarining o‘limiga guvoh bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi. Bu turkum gitlerchilar vahshiyligidan jabr ko‘rgan eng ojiz va himoyasiz bolalar hamda o‘smirlar xotirasiga bag‘ishlangan.
Qalamda ishlangan ushbu grafik asarlar yuksak mahorat, nihoyatda nozik detallashtirish, murakkab shtrixlar va chiziq san’atini mukammal egallaganlik bilan ajralib turadi.
“Bolalikda qolib ketganlar” – bir kun ichida ulg‘ayishga majbur bo‘lgan bolalarning portretlaridir. Ularning nigohlarida qo‘rquv, tushunmovchilik va muqarrarlik aks etadi.
Mavzuning fojiaviyligiga qaramay, muallif o‘ziga xos uslubini saqlab qolgan: qahramonlar yorqin xarakter, samimiy hissiyotlar, insoniy qadr-qimmat va ichki matonat bilan tasvirlangan.
Urushning “bolalar qiyofasi” yana bir bor bolalik va urush dahshatlarining mutlaqo bir-biriga zid ekanligi haqida o‘ylashga undaydi. Oradan o‘nlab yillar o‘tgan bo‘lsa-da, urush bolaligi timsoli tarixiy fojealar qarshisidagi butun insoniyatning mo‘rt qiyofasini eslatadi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Elchixonasi ko‘magida beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan “XOTIRLASHNI VASIYAT QILGANLAR!” aksiyasi bizga urush har doim begunoh insonlarning o‘limi ekanligini, fashizmga qarshi qat’iy kurash olib borish zarurligini va o‘tmishdagi dahshatli fojealar takrorlanmasligi kerakligini yana bir bor eslatadi.