loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Dunyoga “haykalini” o‘rnatgan inson

Bugun,15-fevral kuni poytaxtimizda O‘zbekiston xalq rassomi, Davlat mukofoti laureati, haykaltarosh Jaloliddin (Ravshan) Mirtojiyev xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasi (barelyef)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston xalq rassomi J.Mirtojiyev tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirni O‘zbekiston badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur olib bordi.

 

Badiiy akademiya raisi mamlakatimizda o‘zining betakror ijodiy merosi, ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli namoyandalarning tavallud sanalarini keng nishonlash, faoliyatini o‘rganish, keng targ‘ib etish, ehtirom ko‘rsatishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

 

O‘zbek tasviriy sanʼati rivojiga katta hissa qo‘shgan haykaltarosh, xalqimizning suyukli ijodkori Jaloliddin Mirtojiyevning sermazmun hayot va ijod yo‘li, o‘zbek haykaltaroshligidagi o‘rni, bebaho merosi haqida gapirib o‘tdi.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Javlon Umarbekov, Toshkent shahar hokimining jamoatchilik, mahalla va nuroniylar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustam Kalonov, O‘zbekiston xalq rassomi, barelyef muallifi Jasvant Annazarov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, J.Mirtojiyevning farzandi Mansurjon Mirtojiyev so‘zga chiqishdi.

Notiqlar J.Mirtojiyevning o‘ziga xos barakali ijod yo‘li, ustoz va shogirdlarga munosabati, insoniy fazilatlar haqida o‘z dil so‘zlarini bayon qilishdi.

Jaloliddin Mirtojiyev yashab, ijod qilgan poytaxtimizning Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 89A-uyda o‘rnatilgan yodgorlik lavhasini haykaltaroshning oila aʼzolari hamda akademik J.Umarbekov ochib berishdi.

 

Tadbirda turli idoralar, keng jamoatchilik vakillari, madaniyat, sanʼat namoyandalari ishtirok etdi.

 

 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.