loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

«Kulguga nima yetsin!…» nomli hajviy asarlar ko‘rgazmasi

O`zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining kichik zalida 1-aprel – Kulgu kuniga bag`ishlangan “Kulguga nima yetsin…” nomli hajviy asarlar ko`rgazmasining ochilishi bo`lib o`tdi.Ko`rgazmada grafik rassomlardan H. Sodiqov, O. Vosixonov, F. Teshayev, R. Azizov, A. Bahromov, Sh. Muzaffar, M. Yulchiboyev, S. Ahmedov va F. Usmonovlarning 100dan ortiq karikatura asarlari namoyish

qilindi.Karikatura – italyancha so`z bo`lib, bo`rttirmoq degan ma`noni bildiradi. Ushbu yo`nalish hajv va kulguli tarzda ishlanadi. Tasvirda kulguli holat real va fantastic voqealar bilan yo`g`rilgan holda yaratiladi. Xarakterning o`ziga xos tomonlari bo`rttirilib, aniq kulgitug`diradigan qilib tasvirlanadi. Tasvirdagi ma`noni izohlash va tasvirning ta`sirchanligini oshirish maqsadida Karikaturaga matn (ba`zan she`r) ilova qilinadi. O`zbekistonda satirik ayniqsa, “Mushtum” jurnali karikatura janri taraqqiyotiga zamin yaratdi. Usta Mo`min, D. Sinitskiy, T. Muhamedov,

N. Ibrohimov va boshqa rassomlarning karikaturalari “O`zbekiston” nashriyotining “Jangovar qalam” plakatlar turkumlari hayotda uchrab turadigan illatlar, ayniqsa, poraxo`rlik, ichkilikbozlik, yulg`uchliklarga qarshi kurashda, ularni fosh etishda muhim ahamiyatga ega bo`ldi. Mustaqillik davrida karikatura boqimandachilik, giyohvandlik, qalloblik, aqidaparastlik kabilarni fosh etishga xizmat qildi.Radik Azizov – “Dunyoning eng yaxshi 100 nafar karikaturachisi” deb tan olingan va “Katta karikatura ensiklopediyasi”ga eng yaxshi asarlari kiritilgan. Shu paytgacha rassomning 100dan ortiq asarlari xalqaro ko`rgazma va tanlovlarda ishtirok etgan. 2008 yili rassomlik yo`nalishi bo`yicha “Oltin qalam” Milliy mukofotiga sazovor bo`lgan. 2016 yili O`zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida “Kulgu kaleydoskopi” nomli shaxsiy ko`rgazmasida 140ta karikatura asarlarini namoyish qilgan. Shavkat Muzaffar – karikatura va kitob grafikasida ijod qiladi. 2012 yilda AQSHda “Mushtum” jurnaliga bag`ishlangan ijodiy safarda bo`lib, o`zbek va Amerika rassomlarining anjuman va ko`rgazmalarida ishtirok etdi. Karikatura asarlari bir qancha Yevropa va Osiyo mamlakatlari kataloglaridan joy olgan hamda diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan. 2007 – 2010 yillarda “Mushtum” jurnalida ishlagan.

Husan Sodiqov – uzoq yillardan beri “Mushtum” hajviy jurnalining bosh rassomi sifatida faoliyat olib bormoqda. U bir necha bor karikatura bo`yicha xorij davlatlarida o`tkazilgan xalqaro karikatura tanlovlari sovrindori. Jumladan, 2001 yili – “Kumush medal”, Yaponiya, 2004 yil – “Bronza medal”, Xitoy, 2009 yil – “Oltin diplom”, slovakiya, 2010 yil – “ShOS”ning maxsus Diplomi va 2010 yil – “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori, O`zbekiston. 1986 yili Dunyo Tinchlik Fondining “Faxriy yorlig`i” va Diplomi bilan taqdirlangan. Farrux Teshayev – 1995 yildan boshlab “Mushtum” jurnalida karikaturalari chop etib kelinadi. Respublika va xorij davlatlarida o`tkaziladigan karikaturachilar ning tanlov va ko`rgazmalarida ishtirok etib keladi. Akrom Bahromov – grafika, rangtasvir, emblema, karikatura, plakat janrlarida ijod qiladi. 8ta Xalqaro karikatura konkurslarida qatnashib, asarlari kataloglardan joy olgan. 40dan ortiq Xalqaro va respublika ko`rgazmalar ishtirokchisi. Muzaffar Yo`lchiboyev – 2014 yil Muqimiy nomidagi O`zbekiston Davlat musiqali teatrida rassom sifatida ish boshlagan. Xalqaro teatr festivallarida ishtirok etib, sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritgan. Karikatura janrida unumli ijod qiladi. Shuningdek, O. Vosixonov, S. Ahmedov va F. Usmonovlarning karikatura asarlari ko`rgazmadan joy olgan.

Ko`rgazma joriy yilning 7 apreligacha davom etadi.