loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Bahodir Zokirovning shaxsiy ko’rgazmasi

O’zbekiston Badiiy akademiyasining «Akademiya» sanʼat galereyasida  O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi,rassom Bahodir Zokirovning shaxsiy ko’rgazmasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Bahodir Zokirov zamonaviy kontseptual fikrlovchi rassom bo‘lib, ijodi san’atning turli turlari – musiqa, rejissyorlik, rassomlik bilan bog‘liq.             

Rassomlik ijodiy izlanishlarida muhim o’rin tutadi, bu unga erkin tajriba o’tkazish, asarlarining uslubini rang-barang qilish imkoniyatini beradi. Bu rassomning beshinchi shaxsiy ko‘rgazmasidir. Bahodir Zokirov 2022 yildan  O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi.             

Ko‘rgazmada rassomning so‘nggi ikki yil davomida yaratgan 28 ta asari tomoshabinlar  e’tiboriga ilk marotaba havola etildi.

Bahodir Zokirov kartinalarining asosiy mavzusi rassomning zamonaviy dunyo voqeligi va kechayotgan jarayonlarga munosabati, insonning ilmga bo‘lgan azaliy intilishi, orzu-niyatlari ro‘yobga chiqishi haqidadir. 

Rassomning asarlari ixcham bo’lib, ularda doimo o’ziga xos sirlilik,fikrlashga undovchi sinoat, uzoq olamlar mavjud – bu tomoshabinni o’ziga jalb qiladi, ularni diqqat bilan qarashga, har bir asarni sinchiklab o’rganishga va rassom tasvirlagan dunyoni tushunishga chorlaydi.                 

Vernisajning ochilish kechasida, shuningdek, Bahodir Zokirovning otasi, afsonaviy xonanda, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovga bag‘ishlangan “Kuylash  yashash demakdir” nomli hujjatli filmining namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.