loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Biennale doirasida ko`rgazmalar

O`zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida III Toshkent Xalqaro amaliy san`at Biennalesi (8 – 12 noyabr) doirasida “Zamonaviy ganchkorlik: toshkentlik ustalar ijodi” va “Yaponiya zamonaviy amaliy – bezak san`atidan lavhalar” ko`rgazmalari bo`lib o`tdi.

Ganchkorlik – qadimiy san`at turlaridan bo`lib, o`z aksini dunyo me`morchiligida, jumladan, O`rta Osiyo, Eron, Turkiya, Arabiston va boshqa ko`plab davlatlarda namoyon etib kelmoqda. Hozirgi kunda ganch serquyosh O`zbekistonimizda ardoqlanib va muhofaza qilinayotgan ko`pgina yodgorlik obidalariga ko`rkamlik, go`zallik baxsh etib turibdi. Ganch san`ati Samarqand, Buxoro, Toshkent, Qo`qon, Farg`ona, Xiva, Shaxrisabz va boshqa shaharlardagi tarixiy obidalarni qurishda va bezatishda ishlatilgan. Ganch o`ymakorlik san`ati asrlar davomida o`ziga xos uslub bilan rivojlanib keldi. X-XI asrlarda naqqoshlik, yog`och va ganch o`ymakorligi yanada rivojlandi.

Toshkent ganchkorlik uslubi o`ziga xos tarzda qadimdan bizgacha etib kelgan.

Bu maktabga xos naqshlar nozikligi, aniq simmetrik taqsimga egaligi, jozibadorligi bilan ajralib turadi. 1947 yili Toshkentda me`mor A. Muxamedshin boshchiligida Kurant binosi qurildi. Bu binoni bezatishda Usta Shirin Murodov ganchkorlik san`atining ajoyib namunalarini qo`lladi.

Ganch o`ymakorligi, yirik o`yma, chuqur o`yma, yassi o`yma, kirma, zamini ko`zguli o`yma, zamini rangli o`yma, chizma pardoz, panjarasimon o`yma kabi turlari keng tarqalgan.

“Zamonaviy ganchkorlik: toshkentlik ustalar ijodi” ko`rgazmasida X. Inog`omov, B. Sultonov, A. Muxtorov, U. Toxirov, O. Jabborov, A. Malikov va F. Xamzayevlarning ijod namunalari namoyish qilinmoqda. Ayniqsa, U. Toxirovning Xorazm, Buxoro, Toshkent va Termiz uslublarida ishlangan pannolari, shuningdek, yuqorida sanab o`tilgan ishtirokchilarning ganchkorlik namumnalari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg`otishi tabiiy.

“Yaponiya zamonaviy amaliy – bezak san`atidan lavhalar” ko`rgazmasidan 7 nafar san`at ustalarining amaliy – bezak namunalari joy olgan. Jumladan, Yoshiko Sayto va Niiyama Reykoning badiiy sirlash uslubidagi ishlari, Masayoshi Itoning “Kiri-e (badiiy applikatsiya)”, Naiko Yamagishining “Fudziyama” nomli batigi shular jumlasidan. Shuningdek, Yasunori Matsishimaning “An`anaviy yapon qo`g`irchoqlari” ko`rgazmadan joy olgan.

Yoshiko Sayto Gunma prefekturasi rassomlar uyushmasi a`zosi, shuningdek, Xalq ustalari uyushmasi a`zosi hamdir. 10dan ortiq xorijiy mamlakatlarda mahorat oshirish darslarini olib boradi va koordinatorlik qiladi. Yoshiko Sayto O`zbekistonda ham ancha yillardan beri ish olib boradi. Yaponiyaning noyob san`at turlaridan bo`lgan badiiy sirlash sirlarini yurtdoshlarimizga o`rgatib keladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.