loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Buyuk Ipak Yo’li bo’ylab

2022 yilning 14 yanvar kuni soat 17:00da O`zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Hirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida O`zbekiston va Yaponiya o`rtasida diplomatik aloqalar o`rnatilganligining 30 yilligiga bag`ishlangan taniqli yapon rassomi Ikuo Xirayama reproduktsiyalarining “Buyuk Ipak Yo`li bo`ylab” nomli ko`rgazmasining ochilishi bo`lib o`tdi.

Tashkilotchilar: O`zbekiston Badiiy akademiyasi, Yaponiyaning O`zbekistondagi elchixonasi va Ikuo Hirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi.
Ko`rgazmada Ikuo Xirayama reproduktsiyalari Buyuk Ipak Yo`li bo`ylab safarlarida chizilgan. Ikuo Hirayama o’zining oxirgi kunlarigacha, taxminan 40 yil davomida rafiqasi Michiko bilan Buyuk Ipak yo’li bo’ylab 150 marta sayohat qilgan va ajoyib asarlar yaratgan.

Bu yil O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi diplomatik aloqalar o`rnatilganligiga 30 yil to`ldi. Keying yillarda O`zbekiston va Yaponiya o`rtasida ikki tomonlama va ko`p qirrali o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Ayniqsa, 2019 yilda O`zbekiston Prezidentining kunchiqar yurtga tashrifi ikki tomonlama aloqalar rivojlanishini yangi darajaga ko`tardi.

Ikuo Xirayama 1930 yil 15 iyunda Yaponiyaning Setoda-chou, Хirosima shahridagi “Ikuchi – jima” kichik orolida tug’ilgan.
1947 yili Tokio Tasviriy san’at maktabiga o’qishga kiradi (hozirgi Tokio Milliy tasviriy va musiqa universiteti). Bu erda yapon rasm uslubi bo’lgan – nihongani o’rganadi. O’qishni tamomlagach, universitetda assistent sifatida ish boshlaydi.
1955 yilning 7 – mayida universitetdagi do’sti Michiko Matsuyama bilan turmush quradi.
Ikuo Xirayama 2009 yil 2 dekabrda 79 yoshida bu dunyoni tark etdi.
Ikuo Xirayama – Madaniyat karvon saroyi.
Yapon rassomi Ikuo Xirayama 1968 – yilning avgust oyida O’zbekitonga ilk bor sayohat qilgandayoq, qadimgi Buyuk Ipak yo’lining markazida joylashgan bu o’lkaning madaniyati unda katta qiziqish uyg’otgan edi. Rassom Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi go’zal islom me’morchiligiga xos bo’lgan binolar va inshootlar, manzaralar, shaharlarini tomosha qilib, ularni qog’ozda tasvirlagan. Shuningdek, mana shu shaharlarda yashovchi turli yoshdagi odamlarni bir nechta asarlarida aks ettirgan.

Ikuo Xirayama mamlakatning vakili sifatida nafaqat yapon rassomlarining rahbari va Tokio Badiiy universiteti o’qituvchisi (keyinchalik rektori) vazifasini kunu-tun bajarish bilan madaniy merosni saqlash bo’yicha faoliyatini ham olib borib, Bamiyan va Dunxuan grotlari, qadimgi Koguryo qabrlarining devoriy rasmlari va Angkor-Vat vayronalarini saqlab qolishda bor kuchini sarfladi.
1988 – yildan boshlab YUNESKOning “ yaxshi niyat elchisi“ vazifasida ishlagan davrida madaniy merosni saqlash ahamiyatli, jahon miqyosida uni qayta tiklanish mohiyatini isbotlab berdi.
Bunday xalqaro hamkorlikning biri sifatida Ikuo Xirayama 2002-yil fevral oyida O’zbekiston poytaxti Toshkentda o’z mablag’iga “Madaniyat karvon saroyi” (Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi)ni barpo etdi. Va bu xizmatlari uchun O’zbekiston hukumati tomonidan “Toshkent shahrining faxriy fuqarosi” unvoniga sazovor bo’ldi. “Madaniyat karvon saroyi” tashkil qilinayotgan paytda Ikuo Hirayama bu maskan haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: − “Arxeologik izlanishlarni, ko’rgazmalarni tashkil qilishni asosiy maqsad qilib madaniyat va sa’natga intilayotgan butun dunyoning yoshlari tashrif buyurib, chegarasiz almashuv qila oladigan markazi, xalqaro almashinuvning tayanchi bo’lib qoladi ”.

Ikuo Hirayama bunday maqsadlarini O’zbekistonda ildiz otishini juda xohlar edi. Bundan tashqari, ushbu maskan nafaqat O’zbekistonda, balki Buyuk Ipak yo’lining har bir mamlakatida yaratilishi, u yerlarda Buyuk Ipak yo’li bo’yicha sayohat qilayotgan insonlar tashrif buyurib va mahalliy aholi o’rtasida madaniy almashuv olib boriladigan joyga aylanib qoladi deb niyat qilgan edi.
Hozirda Toshkentdagi “Madaniyat karvon saroyi” O’zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlarini barqaror rivojlantirib, O’zbekiston Badiiy Akademyasi qoshidagi tashkilot sifatida madaniyat va xalqaro aloqalar almashuvining negizi sifatida faol ish olib boradi.

Ko`rgazma joriy yilning 30 yanvarigacha davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.