loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Festivalga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi.

Joriy yil 15-19 aprel kunlari Badiiy akademiya va qator vazirlik, tashkilotlar hamkorligida respublikamiz bo‘ylab 2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlangan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan bugun Badiiy akademiyada festival oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Badiiy akademiya mutasaddilari tomonidan xalqaro san’at haftaligini o‘tkazish to‘g‘risida axborot berildi.

Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali milliy san’atimizning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan boy merosini targ‘ib etish, o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy almashinuv, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, zamonaviy tasviriy va amaliy san’atda kechayotgan dolzarb jarayonlarni o‘rganish orqali turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, jahon miqyosida ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Festivalda Toshkent shahri, viloyat markazlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘rgazma zallarida taniqli xorijiy va mahalliy ijodkorlar, ustalarning saralangan asarlari asosida ko‘rgazmalar, mahorat darslari, badiiy dastur namoyishlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, oliy va o‘rta, ixtisoslashgan va umumiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy loyihalari (ko‘rgazmalar, mahorat darslari, liboslar ko‘rigi) namoyishi tashkil etiladi.

Festivalga xalqaro miqyosda qiziqish yil sayin ortmoqda. Badiiy akademiya tashabbusi bilan o‘tgan yildan festivalda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga  a’zo Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston rassomlari  ishtirok etib, ijodiy  ko‘rgazma o‘tkazishni boshladi.   Dasturga ko‘ra, bu yil ham O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida 20 nafar TURKSOY rassomlarining “Turk dunyosi rassomlari uchrashuvi” nomli xalqaro ko‘rgazmasi tashkil qilinadi. Undan tashqari Badiiy akademiyaning o‘zida “TURKSOYga a’zo davlatlarning ko‘p tomonlama hamkorligini rivojlantirish” mavzusida davra suhbati o‘tkaziladi, unda ijodiy hamkorlik aloqalari ko‘lamini yanada kengaytirish, hali ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Tasviriy san’at sohasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Janubiy Koreya, xususan bu mamlakatning Kemyung universiteti bilan aloqalar jadal rivojlanmoqda. Festivalda Janubiy Koreyadan 50 nafarga yaqin rassom ko‘rgazmasi, Kemyung universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan tarixiy liboslar namoyishi o‘rin olgan.

Yana muhim bir yangilik – joriy yilda Kemyung universiteti O‘zbekistonda fevral oyida 1-xalqaro ijodiy tanlov  e’lon qildi. Tanlov shartlariga ko‘ra, ijodiy ishlar “Peyzaj va portret” mavzusida qabul qilingan. Festival doirasida mazkur ijodiy tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, ularni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Shu bilan birga Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Jan Mark Yankovich va Kristof Blenning komikslar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Doimgidek, bu yil ham “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, taqdirlanadi, ishtirokchilar ko‘rgazmasi taqdim etiladi.

Xorijiy ishtirokchilar uchun yurtimiz madaniy merosi, tarixiy osori-atiqalari bilan yaqindan tanishitirish maqsadida Samarqand shahriga bir kunlik sayohat uyushtiriladi.

Festival tadbirlari poytaxtimizda Badiiy akademiya tasarrufidagi barcha ko‘rgazma zallari – Markaziy ko‘rgazmalar zali, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent fotosuratlar uyi, “Akademiya” galereyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi ko‘rgazma zali, shu bilan birga O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida taqdim etiladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.