loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Misrlik ijodkor bolalar taqdirlandi

Navro‘z ayyomi arafasida Toshkent xalqaro bolalar rasmlari biyennalesida faol ishtirok etgan misrlik ijodkor bolalar O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida taqdirlandi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri. (https://t.me/iadunyo_uz/22921)

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida nishonlangan Navro‘z bayrami tantanasi doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan «Toshkent quvonchlari» IX Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesida ishtirok etgan yosh misrlik ijodkorlar, ularning ota-onalari hamda Misr Madaniyat vazirligi vakillari qatnashdilar.

Tadbir avvalida O‘zbekistonda Navro‘z anʼanalari va xalqimiz urf odatlari, bayram kunlari tayyorlanadigan milliy taomlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tarixi va bugungi kuni, Islom dunyosining buyuk ulamolari bo‘lgan Imom al-Buxoriy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy va ularning merosi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Ishtirokchilarga ko‘ra, Misrda Navro‘zga o‘xshash bayram mavjud bo‘lib, u Sham al-Nasim deya nomlanadi. Sham al-Nasim har yili aprel oyi o‘rtalarida nishonlanib, qishning tugashi va yozning kirib kelishini bildiradi. Ushbu bayramda mahalliy aholi ko‘chalarga chiqib, butun oila bilan bog‘larda sayr qiladi.

Tadbir ishtirokchilariga o‘zbek xalqi madaniyati, milliy anʼanalariga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etildi, shuningdek, o‘zbek milliy taomlari ulashildi.

Bayram kechasi  yakunida «Toshkent quvonchlari» IX Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi ishtirokchilariga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim etilgan sertifikatlar topshirildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.