loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Nafis san’at olami

2-noyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Nilufar Sa’dullayevaning san’atning nozik turi bilan tanishtiruvchi miniatyura va xattotlik san’ati asarlaridan iborat “Nafis san’at olami” nomli ilk ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sa’dullayеva Nilufar Shorasul qizi 1996 yil 2 oktyabr Toshkеnt shahrida tavallud topgan. Ulg‘aygach P.Bеnkov nomli Rеspublika rassomlik va dizayn kollеjining “Tarixiy tеatr liboslari va dizayn” yo‘nalishida tahsil oladi.

Kamoliddin Bеhzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Xattotlik va miniatyura ta`lim yo‘nalishi bakalavr bosqichi, Dastgoh va kitob grafikasi yo‘nalishi magistratura bo‘limini muvaffaqiyatli tamomlagan ijodkor hozirgi kunda Xattotlik va miniatyura ixtisosligi bo‘yicha O`zbеkiston Badiiy akadеmiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor–tadqiqotchisi hisoblanadi.

Yosh ijodkor o’z asarlarida Sharq miniatyurasi kompozitsiyasidagi peyzaj, portret janrlarini ustamonlik bilan tasvirlaydi. Afsonaviy Tabriz maktabidan “Nusxa” asosida ishlangan miniatyura namunasi ijodkorning muvaffaqiyatli tasvir ustasi ekanligini isbotlaydi.

Bugungi kunda miniatyura asarlari qadim an’analar mushtarakligida zamonaviy shakl va ko‘rinishda yuksak mahorat bilan yaratilmoqda. Bunda rassomning mahorati, jiddiy mehnati va izlanishi o‘z aksini topadi.

“Buyuk ajdodlar vorislarimiz”, “Chеgara bilmas ijod”, “So‘z mulkining zabardast sultonlari”, “Sharq nafis san’ati yoshlar nigohida-II”, “Husnixatdagi hikmatlar” yosh xattotlar Rеspublika ko‘rik-tanlovida, “Hikmatlar olami” I-Rеspublika xattotlik fеstivalidagi va Misr madaniyati markazidagi xattotlar ko‘rgazmalarida, festivallarda ijodiy ishlarini namoyish etib, ustoz rassomlarning e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Uning rang-barang ijod namunalari nafaqat san’atga sadoqat, balki ajdodlar merosiga hurmat va muhabbatni o‘rgatadi. Uning asarlarida tarixiy shaxslar qiyofasi kompozitsiyalar qamrovida gavdalanadi.

Bu o‘rinda ayniqsa, Zahiriddin Muhammad Bobur tasviri va “Donishmandlar kengashi” asaridan o‘rin olgan mutaffakkir allomalar obrazlari yaqqol misol bo‘la olgan.

Sa’dullayeva Nilufar ijodida Sharq mavzusi asosiy o‘rin tutadi, xalq ertak va dostonlari, o‘zbek mumtoz adabiyoti asosida yaratgan “Shohnoma”, “Saba’i sayyor”, “Boburnoma” “Ravshan” dostoni, “Ustoz va shogird”, “Mehrobdan chayon” asarlari misolida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ushbu ko‘rgazmada muallifning 50 dan ortiq miniatyura asarlari namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.