loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Navro‘zga bag‘ishlab hamkorlikda fotoko‘rgazma ochildi

18 mart kuni Toshkent Fotosuratlar uyida  O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.03. 2024 yilgi PQ-113-sonli qaroriga binoan O’zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, O’zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, O’zbekiston milliy axborot agentligi, Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida  Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z” shiori ostida fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Go‘zallik va yangilanish bayrami bo‘lgan Navro‘z — tabiat qo‘ynida o‘zgarishlar boshlangan, dov-daraxtlar, maysalar, novdalar uyg‘onib, kurtaklar nish ura boshlagan, tun bilan kun teng kelgan payt, yangi kun hisoblanadi. Butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO xalqaro jamiyati tomonidan e’tirof etilgan va madaniy meros maqomiga erishgan Navro‘z bayrami tabiat uyg‘onishi, hayot tantanasi va bahoriy ko‘rkamlikni ifodalaydigan bayramdir.

Xalqimiz hayotida ham Navro‘z  bayramining  tutgan o‘rni, qalblarda uyg’otadigan zavqi bo‘lakcha. Negaki,  bu xalqona va ardoqli bayram kishi ruhiyatiga vazmin qishdan so‘ng navbahor shodligini, bahoriy uyg‘onish va iliqlikni olib kiradi.

 

 

 

 

“Olam nurga to’lsin sen bilan Navro’z!” nomli fotoko’rgazmada O’zbekiston Kinofotofonohujjatlari milliy arxivida 1991-yildan 1997-yilgacha saqlanayotgan va O’zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan taqdim etilgan hozirgi kun aks ettirilgan fotosuratlar namoyish qilingan. Ko’rgazmada O’zbekiston Kinofotofonohujjatlar milliy arxividagi hamda O’zbekiston Milliy axborot agentligi saqlovidagi 120 dan oshiq fotosuratlar taqdim etilgan.

Ushbu fotosuratlarda Navro’z bayramidagi sumalak tayyorlanish jarayonlari, kurashchilarning ko’rgazmali chiqishlari, musobaqalar, o’zbek folklor-etnografik ansambli ishtirokchilarining chiqishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, turli viloyatlarda bayramning ko’rinishlari, milliyurf-odatlarimiz va raqslarimiz ko’rsatib berilgan.

 

 

 

Ushbu ayyom o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayapti. Yangi kun va yangi fasl debochasi, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘z o‘zining ma’no-mazmuni, ko‘rku tarovati bilan boshqa bayramlar orasida alohida o‘rin tutadi. Shu jihatdan, ushbu bayramni xalqimiz o‘zgacha ruh, ko‘tarinkilik bilan qarshi oladi.

 

 

 

 

Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z kishilarga yasharish va bunyodkorlik, poklanish va yangilanish, ruhiy ko‘tarinkilik taqdim etadi. Zotan, u shunchaki namoyish, shunchaki bayram emas, balki odamning insoniy tuyg‘ulariga quvvat berguvchi, ularni yaqinlashtirguvchi, jipslashtirguvchi bebaho bayramdir.

 

 

 

 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.