loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi

Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahridagi Xitoy milliy san’at va hunarmandchilik muzeyi – Xitoy nomoddiy madaniy meros muzeyida O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi ochildi.

Koʻrgazmaning ochilish marosimida ikki davlat madaniyat vazirlari hamda Oʻzbekiston va Xitoy Badiiy akademiyalari raislari, madaniyat, san’at sohasi vakillari  ishtirok etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqdi: «Pekindagi Xitoy sanʼatining nodir durdonalari o‘rin olgan Xitoy milliy sanʼat va hunarmandchilik muzeyida ushbu ko‘rgazmaning o‘tkazilishi O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy-madaniy muloqotning muhim bosqichi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin o‘rtasidagi bir necha uchrashuv va muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi global tinchlik, farovonlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlikka yangi turtki bo‘ldi.

Pekinda O‘zbekiston sanʼati ko‘rgazmasining ochilishi ko‘p asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining asosiy bo‘g‘inini tashkil etib kelgan O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi kundagi darajasini ko‘rsatishga qaratilgan.»

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turzim vazirligi, O‘zbekiston badiiy akademiyasi, Xitoy sanʼat akademiyasi, O‘zbekiston respublikasi “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy sanʼati ko‘rgazmasida Abdullayeva Shaxnoz, Akmal Nur, Axmadaliyev Fayzullo, Valixo‘jayev Ibroxim, Ziyaxanov Xurshid, Mahkamov Baxtiyor,Mirsaidov Mirvohid,Raxmetov Timur,Rajabov Umid,Fadeyeva Tatyana, Haydarov G‘anisher,Hamdamov Alisher singari O‘zbekiston rassomlarining so‘nggi o‘n yillikda yaratgan 50 ta rangtasvir asari namoyish etilmoqda.

Kartinalarda Sharqning qadimiy rivoyatlari, sheʼriyat va tarixdan ilhomlangan turfa obrazlar, xalq turmushi, jamiyatning yangi hayoti va ijodiy faoliyatining o‘ziga xos qirralarini ochib beruvchi o‘ziga xos syujetlar o‘rin olgan.

Ekspozitsiyaning xalq amaliy sanʼat bo‘limiga bag‘ishlangan qismida ko‘p asrlik anʼanalarga asoslangan, zamonaviy o‘zbek hunarmandlarining nodir sanʼat asarlari namoyish etilmoqda.

Toshkentlik ustalarning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik asarlari, Toshkent, Samarqand va Buxoro hunarmandlarining kashtachilik, kandakorlik va miniatyura asarlari, shuningdek, Marg‘ilonlik abrband-ustalar tomonidan qo‘lda to‘qilgan adras va shoyilar, Rishton va G‘ijduvon usta kulollarining ijodiy buyumlari shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.