loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

O‘zbekning musavviri

Bugun O‘zbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida O‘zbekiston xalq rassomi, haykaltarosh Jaloliddin (Ravshan) Mirtojiyev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan «Men o‘zbekning musavviriman» deb nomlangan xotira ko‘rgazmasi ochildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan joriy yilda O‘zbekiston xalq rassomi, haykaltarosh Jaloliddin (Ravshan) Mirtojiyev tavalludining 70 yilligi keng nishonlamoqda, Badiiy akademiya tomonidan sanaga bag‘ishlab badiiy-maʼrifiy xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur farmoyish ijrosi doirasida tashkil qilingan ko‘rgazmada mohir musavvirning mahobatli haykaltaroshlik durdonlari namunalari, ijod jarayoni aks etgan fotolavhalar o‘rin oldi.

 

Ijodkor jahonga tanilgan tarixiy siymolarimiz, o‘zbek allomalari, atoqli o‘zbek adiblariga bag‘ishlab monumentlar asarlar yaratdi. Andijondagi Zahiriddin Muhammad Bobur, Cho‘lpon, Xotira maydonidagi Motamsaro ona, Buxorodagi Abdurauf Fitrat, Toshkent shahridagi Adulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Zulfiyaxonim, Toshkent viloyatidagi Elbek, Farg‘onadagi Motamsaro ona haykallari, shuningdek, Qarshi shahrining 2700 yillik yubileyiga bag‘ishlangan «El-yurt tayanchi» kompozitsion asari shular jumlasidandir.

Bugungi kunda haykaltarosh asarlari yurtimizdan tashqari AQSH, Fransiya, Latviya, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasidagi turli muzey va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.

Moskva shahridagi Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Riga shahridagi Mirzo Ulug‘bek va Abu Ali ibn Sino, Boku va Tokio shahridagi Alisher Navoiy, Qohira shahridagi Al-Farg‘oniy, Xitoyning Chanchun shahridagi Kamoliddin Behzod, Shanxay shahrida qo‘yilgan Alisher Navoiy haykallari J.Mirtojiyev tomonidan yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1998 y.), O‘zbekiston xalq rassomi (2003 y.) J.Mirtojiyev o‘zbek haykaltaroshlik sanʼatiga qo‘shgan munosib hissasi, milliy haykaltaroshlik sanʼatini jahon darajasiga olib chiqishdagi xizmatlari hamda yorqin xotirasiga hurmat ramzi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tegishli Farmoni bilan 2021-yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda va bir qator xorijiy mamlakatlarda ishlangan haykaltaroshlik asarlari uchun 2022-yilda sanʼat va meʼmorchilik sohasida II darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Keng jamoatchilik eʼtirofiga sazovor bo‘lgan «Men o‘zbekning musavviriman» nomli xotira ko‘rgazmasi joriy yilning 15-martiga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.