loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Tanabata festivali

2023 yil 8 iyul kuni O’zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Hirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida «Tanabata” festivali bo’lib o’tdi.

Ushbu tadbir tashkilotchilari: O’zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Hirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi, O’zbekiston-Yaponiya markazi, Toshkentdagi Yapon choy marosimini o’rganish jamiyati. Hamkor tashkilot – Yaponiyaning O’zbekistondagi elchixonasi.
Festival doirasida «Tanabata» afsonasini o’qib eshittirish, yozgi kimono – «yukata»ni kiyish va selfi sessiyasi; an’anaviy yapon shirinliklar bilan yapon choyini ichish, origami va «tanzaku» yasash bo’yicha mahorat darslari tashkil qilindi.
Tanabata yoki Yulduzlar festivali Yaponiyada har yili 7-oyning 7-kunida nishonlanadigan festivaldir. Bayram davomida ko’chalar bezatiladi va festival qatnashchilari raqsga tushadi. Ko‘chalarda Tanabata qo‘shiqlari kuylanadi.
Tanabata festivali Yaponiyada juda mashhur. Har bir viloyatda u turlicha nishonlanadi, ammo umumiy an’ana – otashinlar, paradlar va ko’cha bezaklari.
Festival davomida keng ko’lamda amalga oshiriladigan narsa – bu tilaklar. Odamlar o’z tilaklarini tanzaku deb nomlanadigan qog’ozga yozib, bambukga osib qo’yishadi. Tanabata 7 ta an’anaviy bezaklarga ega bo’lib, ularning har biri o’ziga xos ma’noga ega:
Tanzaku (rangli qog’oz): istaklarini ro’yobga chiqarish va o’z kasbi bo’yicha malakasini oshirish.
Kamigoromo (qog’oz kiyim): yaxshiroq tikish.
Ori-zuru (qog’oz turna): uzoq umr ko’rish.
Kinchaku (ipli sumka): pul topish uchun.
Toami (baliq ovlash to’ri): yaxshiroq baliq ovlash uchun.
Kuzukagu (quti): narsalarni tartibli saqlash.
Fukinagashi (lenta iplari): yaxshiroq to’qish uchun.
Eng yirik Tanabata festivallaridan biri Senday shahrida 5-8 avgust kunlari bo’lib o’tadi. Ba’zi shaharlarda «Miss Tanabata» tanlanadi.

 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.