loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Xon atlasda aks etgan o‘zbek ayoli

28-sentabr kuni o‘zbek milliy liboslariga mehr uyg‘otish va ommalashtirish, zamonaviy kiyinishda o‘zbekona me’yorlarni targ‘ib qilish, o‘zbekona kiyinish madaniyatini yuksaltirish maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «Xon atlas» festivali o‘tkazildi.

Festivalda institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Sevara Jumayeva tashabbusi bilan “Xon atlasda aks etgan o‘zbek ayoli” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir hamda ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.

“Xon atlasda aks etgan o‘zbek ayoli” shiori ostidagi madaniy-ma’rifiy festival doirasida institut talabalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar namoyishi hamda she’riy chiqishlar uyushtirildi.

Xon atlas – eng yorqin ranglarni, gullar tasvirini o‘zida mujassam etgan o‘zbek milliy matosi hisoblanadi. Matoni qadimda faqat xonlar kiygani uchun ham xon atlas nomi bilan atalgan.

Chinakam go‘zallik va milliy kolorit uyg‘unlashgan festival doirasidagi ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan talabalar birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Faol ishtirok etgan talaba-qizlarga ham institut rahbariyatining sertifikatlari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.