loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Gullash vaqti keldi

Bugun Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy san‘at festivalining 2-kunida Toshkent fotosuratlar uyida Toshkent xalqaro Kimyo universiteti “Rangtasvir” yo‘nalishi talabalarining “Gullash vaqti keldi” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Toshkent xalqaro Kimyo universiteti mamlakatdagi birinchi xususiy oliy ta‘lim muassasasidir (dastlab Toshkent shahridagi YODJU texnika instituti nomi bilan tashkil etilgan). Universitetda o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuqori malakali bakalavr va magistrlar tayyorlanadi. 2021-yilda universitetning boshqa yo‘nalishlari qatori “Rangtasvir” yo‘nalishi ochilib, hozirda 80 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy san‘at festivalida ushbu oliy taʼlim maskani talabalari ilk bor o‘z ijod namunalarini namoyish etmoqdalar. Ko‘rgazmada “Rangtasvir” kafedrasi o‘qituvchilari rahbarligida yaratilgan o‘quv va ijodiy kompozitsiyalar, postanovka ishlari, etyud va qoralama eskizlar namoyish etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazmadan maqsad o‘zaro ijodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, boshqa oliy va o‘rta badiiy ta‘lim muassasalari hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar salohiyatini professional darajada yuksaltirishdan iborat.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.