loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Yosh ijodkorlar

O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida yosh rassom Malika Yunusovaning “Sirli olam” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada yosh rassomning litografiya, ofort va linogravyura usulida ishlangan 40 ga yaqin asari namoyish qilinmoqda.

Malika Yunusova – 1997 yil 24 sentabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. 11 yoshidan rasm chizishni boshlagan qizining iqtidorini ko‘rgan otasi rassom Narimon Sharipov unga alohida e’tibor bera boshladi. Narimon Sharipov litografiya, ofort va linogravyurada faol ijod qilib kelayotgan rassomlardan biri.

Maktab davridayoq Malika turli tanlov va ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Jumladan “Yangi avlod”, “Kelajak ovozi”, “Toshkent quvonchlari – IV Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi”dagi ishtiroklarida sovrinli o‘rin va diplomlar bilan taqdirlangan.

2013 – 2016 yillarda Respublika rassomlik kollejida ustozi “Mahobatli rangtasvir” dan rassom I. Shindan saboq oldi. Uning ijodi mana shu yillarda yanada qizg‘in tus oldi. O‘zining ilk shaxsiy ko‘rgazmasini 2014 yil Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida san’at ixlosmandlariga taqdim etdi. 16 yoshlik qizning ishonch va dadil bosgan qadami barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Kollejda o‘qib yurgan kezlarida ham turli xalqaro va respublika miqyosidagi tanlov – ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Jumladan, “Armiyamiz – tayanchimiz”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Zahiriddin Muhammad Bobur” va “Alisher Navoiy” tavallud kunlari munosabati bilan o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda, “Eng ulug‘ va eng aziz” tanlovi, Yaponiyada o‘tkazilgan “S.A.M.”, Genri Murning “Thenk you latter” ko‘rgazmalari ishtirokchisi.

Malika Yunusova 2016 yili o‘tkazilgan “Tasviriy va amaliy san’ati” festivalida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining “Oltin medali”i bilan taqdirlandi.

2017 yilda esa “Kumush” medal bilan taqdirlangan.

2015 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Art – Samg‘ay” tanlov va ko‘rgazmasida 2 – o‘rinni oldi va o‘qishga kirish uchun imtiyozli yo‘llanmani qo‘lga kiritdi hamda 2016 yil K. Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Bakalavriatni 2019 yil tamomladi. 2021 yilda “Kitob grafikasi” fakultetiga – magistraturaga qabul qilindi.

Institutda unga ustozlari tasviriy san’atdan Laylo Basharova, kompozitsiyadan Xurshid Ziyoxonov va Nusrat Abdullayevlar saboq berishdi. Malika “Miniatyura va kitob grafikasi” bo‘limida o‘qiganligi bois, turli xil kitoblarga illyustratsiyalar ishladi. Jumladan, “Aldar ko‘sa” va Anatoliy Kabulovning “Kuchukcha va yettita o‘rdakcha” nomli ertaklariga ishlagan ishlari uning bu san’at turidagi birinchisi sanaladi.

2021 yilda “Navqiron O‘zbekiston” tanlovida “Bronza” medali sohibi bo‘ldi. O‘zbekiston Xalq rassomi Bahodir Jalolovdan saboq olmoqda.

Darhaqiqat, bugungi kunda yoshlarimizga ularning o‘qishi va ijod qilishi uchun davlatimiz tomonidan katta imkoniyatlar yaratilgan. Malika Yunusova mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishga harakat qilmoqda.

Ko‘rgazma 2022 yilning 5 yanvarigacha davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.