loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Badiiy akademiya raisi Farg‘ona davlat universitetiga tashrif buyurdi

Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Farg‘ona davlat universiteti taklifiga binoan ushbu oliy taʼlim muassasasiga tashrif buyurdi.

Yurtimizda tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, badiiy taʼlimda hamkorlikda kadrlar tayyorlash maqsadida Badiiy akademiya hamda ushbu yo‘nalishdagi qator xalqaro va milliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik kelishuvlari, memorandumlar imzolanmoqda, qo‘yilgan vazifalar amaliy ifodasini topayapti. Badiiy akademiyaning ilg‘or tajriba almashish maqsadida navbatdagi hamkori Farg‘ona davlat universiteti bo‘ldi.

Tashrif avvalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg‘ona davlat universiteti o‘rtasida tasviriy sanʼat, badiiy taʼlim sohasida, ko‘rgazmaviy faoliyatda o‘zaro ko‘maklashish maqsadida Hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Memorandumga Badiiy akademiya raisi Akmal Nur hamda Farg‘ona davlat universiteti rektori B.Shermuhammadov imzo chekdi.

Shundan so‘ng, Universitetning sanʼatshunoslik fakulteti tasviriy sanʼat kafedrasida Akmal Nur bilan tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi, amaliy sanʼat (badiiy kulolchilik), rangtasvir (dastgohli) yo‘nalishi talabalarining ijodiy uchrashuvi tashkil qilindi. Uchrashuv ko‘tarinki, sammimiy ruhda, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

Talabalar mehmonning ijod yo‘li, tasviriy sanʼatning bugungi rivoji bilan qiziqishdi, rassom ijodi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi. Fakultet talabalari tashkil qilgan badiiy chiqishlar uchrashuvga yana-da fayz kiritdi.

Tashrif doirasida Universitetning sanʼatshunoslik fakultetida Akmal Nur ijod kabinetining tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bayramona tadbirda Badiiy akademiya raisi Akmal Nur, Farg‘ona davlat universiteti rektori B.Shermuhammadov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy- marifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Z.Rahimov, Sanʼatshunoslik fakulteti dekani I.Siddiqov, dekan o‘rinbosarlari hamda kafedra mudirlari, yoshlar ishtirok etishdi.

Ushbu kabinetga 20 yil muqaddam tashkil topgan, bugun ham faol “Sarchashma” ijodiy guruhiga aʼzo Alijon Rahimov, Akmal Nur, Anvar Mirsoatov, Muhammad Nuriddinov, Muhammadiyor Toshmuradov, Sobirjon Raxmetov, Fayzulla Ahmadaliyev singari va boshqa atoqli rassomlar mo‘yqalamiga mansub kartinalar, Badiiy akademiya chop etgan adabiyotlar, shaxsiy ijodiy albomlar Akmal Nur tomonidan sovg‘a qilindi.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Universitetning sanʼatshunoslik fakultetida taʼlimga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davom etmoqda. Tashrifning ikkinchi kunida qator uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.