loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

«Bahor fasli» nomli ko‘rgazma

O`zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyining katta zalida O`zbekiston va Yaponiya o`rtasida diplomatik aloqalarning 30 yilligiga bag`ishlangan rassom Gayane Matevosyanning “Bahor fasli” nomli sumie ko`rgazmasining ochilishi bo`lib o`tdi.

Ushbu ko’rgazma O`zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi, O`zbekiston – Yaponiya Do`stlik jamiyati, Toshkentdagi an`anaviy yapon choy marosimini o`rganish jamiyati va O’zbekistondagi Yaponiya elchixonasi ko’magida tashkil qilindi.Ko`rgazmada rassom yapon rangtasvir uslubida bajarilgan tush yordamidagi Sumie ishlarini namoyish qildi. Ushbu ko`rgazmani rassom bahor fasliga bag`isladi. E`tibor bergan bo`lsangiz, yapon rangtasviri qolaversa, yapon madaniyatining barcha jihatlari yil mavsumlariga bog`langan.Ko`rgazmada tomoshabin tabiatning uyg`onishi, nafis nargizgullar, endi ochilayotgan gulsapsarlar, Eski shaharning shinam ko`chalaridagi o`rik daraxtining gullarini ko`rishi va bundan estetik zavq olishi mumkin.

Gayane Matevosyan qariyb 14 yildan beri yapon madaniyatini o`rganib keladi. U sumie bilan 8 yildan beri shug`ullanadi. Shu bilan birga 2008 yildan boshlab xattotlikni ham o`rgangan. Xattotlik bo`yicha yapon kalligrafisti Michiko Xamasakidan saboq olgan. Hozirda O`zbekiston – Yaponiya Do`stlik jamiyati ijrochi direktori o`rinbosari lavozimida faoliyat olib bormoqda. Gayane Matevosyan yapon rangtasvir va xattotligi bo`yicha juda ko`plab mahorat oshirish darslarini o`tkazadi va ma`ruzalar o`qiydi.Suybokuga – suy- suv, boku – tush, ga – rasm yoki Sumie – sumi – tush, e – rasm – bu degani – rangtasvir tush va suv yordamida guruchli qog`ozga ishlanadi.Sumie – xuddi xattotlik kabi Yaponiyada san`at, madaniyat va kundalik hayotda juda muhim rol o`ynaydi. Sumie san`ati ko`tarinki ruh bilan ishlashga asoslangan. Bu uslubda rasmni hech qanday eskizlarsiz birdaniga chizish lozim. Ilhom rassom mo`yqalamini o`zi boshqaradi, o`zini– o`zi idora qiladi.

Tasvir nozikligi va yengilligi bilan ajralib turadi. Rasm go`yoki nafas oladi va o`z hayoti bilan yashayotgandek. Rassom rasmni oxirigacha aniq chizmaydi va kadr ortida qoldiradi. Bu tomoshabinga hadya, kimningdir tasavvuri endi zarbalarga javob beradi va mustaqil tarzda rasmni “oxiriga etkazadi”.Sumie bilan hozirda faqat Yaponiyada emas, balki, butun dunyoda shug`ullanishadi.Yapon rassomlari shunday deyishadi: “ rasm chizishni bilsang – bu san`at, tayyor rasmni yaxshi ko`ra olsang –bu ham san`atdan kam emas”.Bambuk sumie san`atida asosiy mavzu bo`lib, bunda turli xil chiziqlar va ranglarning nozikligi muhim sanaladi.

Ko`rgazma joriy yilning 9 apreligacha davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.