loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Ko‘rgazma va modalar namoyishi

Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yilligi va O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Turkiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi, Turkiy tarix va madaniyat jamg‘armasi (TURKTAV) va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda Badiiy akademiya galereyasida “Xaritalarda Ota yurt” nomli ko‘rgazma ochilishi va “Liboslarda o‘zbek va turk motivlari” modalar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Turkiy tarix va madaniyat jamg’armasi (TURKTAV)ning shaxsiy kolleksiyasidan o’rin olgan va aksariyati mashhur geograf olimlar tomonidan tuzilgan Turkiston o’lkasi xaritalarini oʻz ichiga olgan “Xaritalarda Ota yurt” koʻrgazmasida turkiy xalqlarning kelib chiqishi, ular tarqalgan hududlar va gʻarbga koʻchish paytida bosib o’tgan manzillari koʻrsatilgan. Ushbu xaritalarning asl nusxalari ikki davlat do‘stligi va birodarligining timsoli sifatida TURKTAV tomonidan Xalqaro Ipak yo‘li turizm va madaniy meros universitetiga (Samarqand) tuhfa qilindi.

“Liboslarda o‘zbek va turk motivlari” moda shousida samarqandlik dizayner Hamida Inoyatovaning kuratorligida uning shaxsiy kolleksiyasidan saralangan liboslar namoyish etildi. Dizayner Hamida Inoyatova 2014 yildan buyon “Hunarmand” uyushmasi Samarqand filiali direktorlar kengashi a’zosi. O’zbekistonda va xalqaro miqyosda ko‘plab ishlari namoyish qilingan H.Inoyatova 2013 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Turkiy tarix va madaniyat jamg’armasi qadim tarix va sivilizatsiyaga ega turkiy xalqlarning mushtarak madaniyati sohasida turli loyihalarni yuritish maqsadida Anqarada tashkil etilgan. Jamg‘arma milliy va xalqaro miqyosda turli loyihalar orqali turkiy xalqlarning ko‘p asrlik madaniy tajribasi va merosini tanitish bilan bu boy merosimizni kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Turkiya Respublikasining O’zbekistondagi elchixonasi, Turkiy tarix va madaniyat jamg’armasi(TURKTAV) va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tayyorlangan ushbu ko‘rgazma va modalar namoyishi mushtarak qadimiy o‘tmish va qardoshlik rishtalari bog’lab turuvchi ikki davlat do‘stligiga bag‘ishlandi.

Tadbirning ochilish marosimini to‘liq Facebookda ushbu havolada (https://www.facebook.com/100022985772625/videos/278231021694170/)tomosha qilasiz

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.