loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Matbuot anjumani

2023 yilda mamlakatimizda tasviriy va amaliy sanʼat sohasini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yanada oshirishga oid tegishli bandlar ijrosini taʼminlash maqsadida Badiiy akademiya tomonidan 2023 yil davomida “Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali”, «Toshkent-2023» II xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi hamda IV Toshkent xalqaro amaliy sanʼat biennalesi o‘tkazildi.
1. “Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali” doirasida ilk bor Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY tashkilotiga aʼzo mamlakatlar — Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, shu bilan birga, Vengriya rassomlarining xalqaro “Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi” ijodiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, unda jami 35 nafar rassom 100 dan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Turksoy xalqaro tashkiloti aʼzolari bilan hamkorlikda “Turkiy xalqlar nafis sanʼati (tasviriy sanʼati) akademiyasi” tashkil etish bo‘yicha I xalqaro yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilgan «Toshkent-2023» II xalqaro haykaltaroshlik simpoziumida 10 nafar xorijiy va 11 nafar o‘zbekistonlik haykaltarosh qatnashdi.
2. Yilning eng muhim voqealaridan biri – mamlakatimizda ilk bora O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi bilan hamkorlikda “Art Gallery” auktsion uyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Аuktsion uyining asosiy maqsadi — xorijdagi nufuzli auktsion uylari bilan hamkorlik qilish va xalqaro art-yarmarkalarni tashkil etish, O‘zbekiston tasviriy va amaliy sanʼatini xorijda targ‘ib etishdan iborat.
  Toshkent shahrida joylashgan auktsion uyi tarkibida nashriyot matbaa uyi, “Аrt appraisal center” sanʼat asarlarini baholash kompaniyasi, “Art Gallery” sanʼat galereyasi va sanʼat asarlarini texnologik ekspertizadan o‘tkazuvchi maxsus laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda.
2023 yil may oyida O‘zbekiston tarixida ilk bora tasviriy sanʼat asarlari auktsioni muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Birinchi auktsionga O‘zbekistonning qator tasviriy sanʼat namoyondalari (jumladan, Samig‘ Аbdullaev, Аbdulxaq Аbdullaev, Mixail Аrinin, Viktor Ufimtsev, Usto Mo‘min (Аleksandr Nikolaev), Lev Reznikov, Vladimir Rojdestvenskiy, Yuriy Taldikin, Igor Ujinskiy, O‘ral Tansiqboev kabi) sanʼat asarlari qo‘yildi. Eʼtiborli tomoni, auktsionga qo‘yilgan barcha ijodiy ishlar “ART APPRAISAL CENTER” baholash kompaniyasi tomonidan baholandi va “APEX”sug‘urta kompaniyasi tomonidan sug‘urtalandi.
Ikkinchi auktsion esa 30 noyabrь kuni Buyuk Britaniyaning “Kristiz” (Christie’s) auktsion uyi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi “Intersontinental Tashkent” mehmonxonasida o‘tkazildi. Unda amaliy sanʼat namunalari sotuvga qo‘yildi. Bu galgi auktsionda nafaqat yurtimiz, balki xorijiy kollektsionerlar ham ishtirok etishdi. Har ikki auktsionda taniqli rassomlar, sanʼatshunos olimlar, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, yetakchi tadbirkorlar qatnashdi.
  Bundan tashqari, O‘zbekiston tasviriy va amaliy sanʼat asarlaridan iborat 48 sahifali “Mohir ijodkorlarning ijodiy merosidan O‘zbekiston tasviriy sanʼati” nomli katalogi chop etildi. Аuktsion katalogida asosiy ijrochi va hamkor tashkilotlar to‘g‘risida maʼlumotlar hamda auktsionga ko‘yilgan sanʼat asarlari to‘g‘risida ikki tilda, yaʼni rus va ingliz tillarida maʼlumotlar o‘rin olgan.
Umuman olganda, ijodiy yo‘nalish bo‘yicha 2023 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va uning tizim tashkilotlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida muhim sanalarga bag‘ishlangan hamda ijodkorlarning shaxsiy ijodini namoyish etishga qaratilgan jami 765 ta ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Shundan 52 ta xalqaro va xorijiy ko‘rgazmalar, 347 ta Respublika, shaxsiy, guruh va tematik ko‘rgazmalar, 134 ta mahorat darslari va 201 ta ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga aʼzo rassomlarimiz 2023 yilda Belьgiya, Vengriya, Polьsha, Gollandiya, Frantsiya, Italiya, Turkiya, Birlashgan Аrab Аmirliklari, Ozarbayjon, Hindiston, Rossiya, Qirg‘iziston, Xitoy Xalq Respublikasida ijodiy safarda bo‘lishdi, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishdi.
Badiiy akademiya tasarrufidagi ko‘rgazma zallarida esa 2023 yilda Frantsiya, Chexiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarbayjon tasviriy sanʼat vakillari ko‘rgazmalari tashkil qilindi.
3. O‘tgan yilning muhim voqealaridan biri – O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga 9 nafar haqiqiy aʼzolar tasdiqlandi.Shu bilan birga Qozog‘istonning atoqli rassomi, “Qozog‘iston Respublikasi Badiiy akademiyasi” jamoat fondi prezidenti Amandos Akanaev O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy aʼzosi etib tayinlandi.
Haykaltaroshlik yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” 2022 yil 10 fevraldagi PQ-125-sonli qarori ijrosi yuzasidan Namangan shahrida Usmon Nosirning bronzadan yaratilgan haykali o‘rnatildi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 dekabrdagi 713 – F-con Farmoyishi ijrosi yuzasidan so‘z mulkining sultoni Аlisher Navoiy haykalini bronzadan yaratish bo‘yicha ijodiy tanlov o‘tkazildi. Balandligi to‘rt metrdan ziyod bo‘lgan mazkur haykal O‘zbekiston halq rassomi, haykaltarosh Jasvant Аnnazarov tomonidan yaratildi. 22 iyulь kuni mutafakkir shoirning bronza haykali Ostona shahrining “Do‘stlik” va «Qabanboy botir» ko‘chalari kesishmasida o‘rnatildi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 18 apreldagi 204-F-son farmoyishi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Nazorat rejasi tasdiqlandi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Jollibay Izentaev nomini abadiylashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati hududida o‘rnatiladigan ijodkor haykalini yaratish yuzasidan ijodiy tanlov tashkil etildi. Eskiz loyihalari tasdiqlash jarayonida;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 yanvardagi 27-F-son farmoyishi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisining 2023 yil 9 martdagi I-17-sonli buyrug‘i hamda mazkur buyruq ilovalari bilan Ishchi guruhi tarkibi, byustlar loyihalarini yaratish bo‘yicha ijodiy tanlovni o‘tkazish yuzasidan Hayʼat aʼzolari tarkibi, ijodiy tanlov Nizomi tasdiqlandi. Marg‘ilon shahar hokimligiga tegishli “Ijodkorlar bog‘i” hududidagi “Sanʼatkorlar xiyoboni”da xalq mehrini qozongan 9 nafar ustoz sanʼatkorlarning byustlarini yaratish bo‘yicha ijodiy tanlov o‘tkazildi. Eskiz loyihalari tasdiqlash jarayonida.
2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “ O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” 2020 yil 2 dekabrdagi PQ-4908-son qarori 3-bandi ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida Botir Zokirov haykali o‘rnatildi. Ochilish marosimi aprelь oyida bo‘lib o‘tadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 18 apreldagi 204-F-son farmoyishi ijrosi bo‘yicha:
– Omon Matjon yashab ijod qilgan Toshkent shahri Yashnobod tumani Tolariq 1-tor ko‘chasidagi 11a-xonadonda yodgorlik lavhasi o‘rnatish;
– mamlakatimizda tasviriy sanʼat sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan taniqli musavvir, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi Jollibay Izentaev nomini abadiylashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati hududida haykalini o‘rnatish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 yanvardagi 27-F-son farmoyishi ijrosi yuzasidan Marg‘ilon shahar hokimligiga tegishli “Ijodkorlar bog‘i” hududidagi “Sanʼatkorlar xiyoboni”da xalq mehrini qozongan 9 nafar ustoz sanʼatkorlarning byustlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Badiiy taʼlim yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar.
2023 yil davomida Badiiy akademiya huzuridagi Badiiy taʼlim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish Markazida ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari, maktab internatlari va Oliy taʼlim muassasalaridan 637 nafar nafar pedagogning malakasi oshirildi, 140 nafar pedagog kadrlar qayta tayyorlov kurslarida taʼlim olishdi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Urganch davlat universiteti, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Toshkent arxitektura-qurilish institutlarining jami 7 nafar talabasiga “Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasi” tayinlandi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasining 10 nafar stajyor-tadqiqotchilari Reja asosida Qirg‘iziston, Misr, Qozog‘iston, Tojikiston, Аvstriya, Turkiya, Ozarbayjon, Birlashgan Аrab Аmirligi kabi xorijiy mamlakatlarga ijodiy safarlari tashkil etildi.
2023 yilda Badiiy akademiya huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasini ilk stajer-tadqiqotchilari muvaffaqiyatli tamomladi, ularga bitirganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, Rassomlik mahorat ustaxonasiga o‘tkazilgan tanlov natijalariga asosan 2024 yil uchun navbatdagi 10 nafar stajiyor o‘qishga qabul qilindi.
Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutiga qo‘shimcha 600 o‘rinli o‘quv binosi qurib bitkazildi.
Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab internatlari uchun 2022-2023 yillarda 9 nomdagi dastlabki o‘quv adabiyotlari chop etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatigaabadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, akademik Jollibay Izentaev nomi berildi.
Qozog‘istonning T.Jurgenov nomli kolleji va Badiiy akademiya tasarrufidagi Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi, Badiiy akademiya huzuridagi Badiiy taʼlim yo‘nalishlarida malaka oshirish markazi va Hindistonning Javoharlal Neru arxitektura va tasviriy sanʼat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Joriy 2024 yilda «O‘ZBEKISTON — 2030» Strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan tegishli vazifalar amalga oshiriladi, jumladan, yosh isteʼdodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan badiiy loyihalar, ko‘rik-tanlovlarimiz, xalqaro biennalelar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.