loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Muhitdin Rahimov tavalludining 120 yilligi tadbirlari

Bugun,28-sentabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida atoqli kulol-usta, O‘zbekiston xalq rassomi, tadqiqotchi-olim Muhitdin Rahimov tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlari – kulolchilik asarlari ko‘rgazmasi ochilishi hamda «Muhitdin Rahimovning O‘zbekiston amaliy sanʼati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi» mavzuida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

M.Rahimov ijod namunalari mamlakatimizning ko‘plab muzeylarida, xorijiy kolleksiyalarda, jumladan, Moskvadagi Sharq xalqlari muzeyi va dekorativ-amaliy sanʼat muzeyida, Sankt-Peterburgdagi Davlat etnografiya muzeyida va boshqa ko‘plab davlat muzey kolleksiyalarida mavjud. Ustaning eng ko‘p mualliflik to‘plami – 300 dan ortiq eksponatlar Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondida saqlanmoqda.

Mazkur yubiley ko‘rgazmada tomoshabinlar ushbu kulolchilik asarlarining bir qismini ko‘rishga muyassar bo‘lishdi. Ularda M.Rahimovning yuksak professional mahorati va yuqori darajada yaratilgan uslublari yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bu fazilatlar sulolaga meros qolgan. Ustaning o‘g‘li Akbar Rahimov boshchiligida kulolchilik anʼanasi munosib davom ettirilmoqda.

«Muhitdin Rahimovning O‘zbekiston amaliy sanʼati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi» mavzuida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyani O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bosh ilmiy kotibi F.Obidjonova kirish so‘zi bilan ochib berdi.

F.Obidjonova o‘z nutqida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda tasviriy va amaliy sanʼat ravnaqini yangi bosqichga ko‘tarish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fidokorona xizmat qilgan soha namoyondalarining boy ijodiy merosini xalqimizga to‘la yetkazish, atoqli rassom va xalq ustalari xotirasini abadiylashtirishga katta eʼtibor qaratilayotgani, atoqli kulol-usta, O‘zbekiston xalq rassomi M.Rahimov tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan bugungi konferensiya va ko‘rgazma ham shu maqsadga yo‘naltirilganini taʼkidladi.

Konferensiyada sanʼatshunoslik fanlari doktori, akademik N.Axmedova, sanʼashunoslik fanlari doktori, professor K.Akilova, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, professor Z.Raximova, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor E.Gul, tarxi fanlari falsafa doktori V.Fayziyeva va boshqalar tomonidan M.Rahimov – tadqiqotchi olim, Toshkent kulolchilik maktabi anʼanalari davomchisi, uning ijodida tarixiy-madaniy merosning o‘rni, ijodiy izlanishlarida mahalliy kulolchilik markazlari badiiy bezaklarining o‘ziga xos xususiyatlari, Temuriylar davri kulolchilik anʼanalarinining qayta tiklanishidagi hissasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi to‘plamidagi, O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi kolleksiyasidagi asarlari va shu kabi mavzularda maʼruzalar qilindi.

O‘zbekiston kulolchiligining yirik namoyondasi M.Rahimovning hayot yo‘li va ijodi haqida so‘z borar ekan, M.Rahimov kulolchilikning yurtimizda mavjud bo‘lgan turli maktablari tarixi va anʼanalarini o‘rganibgina qolmay, maktablarning unutilayozgan shakl va usullari, bezaklarni o‘z ijodida qayta jonlantirgani qayd etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.